“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi
Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi 2-sonli texnikumida “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda malakali kadrlar tayyorlash, yoshlarning kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.
Tanlovda tumandagi 1- va 2 - sonli texnikum o‘quvchilari, talabalar, yoshlar va ayni paytda band bo‘lmagan yoshlar 10 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘z bilim va amaliy ko‘nikmalarini namoyish etdi.

Ishtirokchilar nafaqat nazariy bilimlarini, balki o‘z sohalari bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar va uskunalar bilan ishlash mahoratlarini ham amalda ko‘rsatib berdi.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha taqdim etilgan innovatsion loyihalar va ijodiy yondashuvlar kuzatuvchilarda katta taassurot qoldirdi.

Murosasiz va hayajonli kechgan bahslar yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha 3 nafardan iqtidorli yoshlar aniqlandi. Ular endilikda tanlovning viloyat bosqichida Uchquduq tumani sharafini himoya qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri