“Yangi O‘zbekiston” bog‘iga daraxt ekish boshlandi
Farg‘ona viloyatida barpo etilayotgan ekoshahar yaqin vaqtda ichida yashillikka burkanadi. Farg‘ona shahar «Ilg‘or» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan mazkur hududdagi 70 gektar maydonda «Yangi O‘zbekiston» bog‘i tashkil qilinayotgan bo‘lib, daraxt ekish ishlari boshlandi.
Yangi bog‘ning dastlabki 10 gektariga daraxt ekish jarayoni Farg‘ona shahri mahallalarining 1000 dan ziyod vakillari, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari, harbiylar ishtirokida katta tantana bilan o‘tkazildi.
Daraxt ekish tadbirida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Lutfulla Buzrukov, viloyat sektorlari rahbarlari, viloyat mudofaa va xavfsizlik tizimlari rahbarlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir Qur’on tilovati bilan boshlanib, yangi barpo etilayotgan ekoshahar hamda «Yangi O‘zbekiston» bog‘ining viloyat ahliga xayrli bo‘lishini tilab, duo qilindi.
Viloyat hokimi bunday yirik loyihalarning amalga oshirilayotgani Prezidentimiz rahbarligida so‘nggi besh yilda olib borilayotgan islohotlarning samarasi ekanini qayd etib, islohotlarning dastlabki yillarida xalqimizda kelajakka katta umid paydo bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu umid qat’iy ishonchga aylanganini ta’kidladi.
–O‘tgan yili Prezidentimiz topshiriqlari bilan yangi shahar barpo etishga kirishganimizda, nomlash borasida Yangi Farg‘ona, Farg‘ona-siti, Yangi shahar kabi turli nom takliflari bo‘lgan edi. O‘shandayoq ekoshahar degan nomda to‘xtalgandik. Niyat xolis bo‘lgan ekan, tanlangan nom davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan boshlangan «Yashil makon» dasturiga, viloyatlarda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlarga hamohang bo‘ldi, – dedi viloyat rahbari.
Kun davomida 4000 tupdan ziyod kashtan, qrim sosnasi, oqqayin, klen, lola daraxti va boshqa turdagi manzarali daraxtlar o‘tqazildi. Daraxt ekish ishlari davom ettiriladi.
[gallery-4748]
M. Sulaymonov,
M. Qodirov olgan (surat), O‘zA