Yangi O‘zbekiston bog‘i ko‘rkam maskan bo‘ladi
Prezidentimizning 2022-yil 11-martdagi “Namangan shahrida “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Namangan viloyatining Davlatobod tumani hududida 30 ming oila uchun mo‘ljallangan 330 ko‘p qavatli uy, maktab, bog‘cha, shifoxona, kichik sanoat zonalari, xizmat ko‘rsatish obyektlarini qamrab olgan “Yangi Namangan” shaharchasi bunyod etilmoqda.
– Mazkur qaror ijrosi doirasida 58 gektar maydonda Yangi O‘zbekiston bog‘i barpo qilish ishlari jadal olib borilmoqda, – deydi “Yangi O‘zbekiston bog‘i” direksiyasi rahbari Rasuljon Ismoilov. – Umumiy qiymati 90 milliard 666 million so‘mni tashkil etadigan muhtasham bog‘ hududida uch bosqichda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari doirasida anvoyi gullar ekish, tashqi kommunikatsiya, yo‘l qurilishidan tashqari 2400 o‘rinli amfiteatr, avtoturargoh, yigirmaga yaqin savdo shoxobchasi, bolalar maydonchasi, beshta kafe- restoran, milliy o‘yinlar maydonlari qad rostlaydi.


Qolaversa, 3,2 gektar sun’iy ko‘l, uchta favvora, uch kilometr masofa bo‘ylab velosiped yo‘lagi ham rejalashtirilganki,bu yangi bog‘ husniga yanada ko‘rkamlik bag‘ishlaydi. Loyihaning dastlabki bosqichida yer ishlari keng ko‘lamda amalga oshirilib, shu kunlarda amfiteatr qurilishi qizg‘in olib borilmoqda. Mazkur maskan ochilishi bilan 63-xalqaro gullar festivalining asosiy tantanali marosimlarini tashkil etish rejalashtirilgan.


Keyingi bosqichda tashqi ichki ichimlik va oqova suv tarmoqlarini tortish, ko‘kalamzorlashtirish maydonlarini sug‘orish tizimi, muhandislik tarmoqlarini tortish ishlari ham bajarilmoqda. Uchinchi bosqich doirasida esa bog‘ uchun avtomobil yo‘llari quriladi.
Yangi O‘zbekiston bog‘ida “Yashil makon” umummilliy dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida ko‘kalamzorlashtirish ishlari bajarildi. Joriy yilda hududga 10 ming tupdan ziyod manzarali, noyob nihollar ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozir 3 ming tupdan ziyodi o‘tqazildi.


Qurilayotgan Yangi O‘zbekiston bog‘i aholi gavjum to‘planadigan sevimli maskanlardan biriga aylanadi. Bog‘ hududiga tutash 10 gektar yer maydonida to‘qqiz va undan yuqori qavatli turarjoylar bunyod etiladi.
Bunday ulkan o‘zgarishlar “millionli shahar” sari dadil odimlayotgan Namanganning har tomonlama infratuzilmasi taraqqiy etgan “megapolis”ga aylanishiga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri