Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari jadal davom etmoqda
Mamlakatimizda har yili yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘riladi. Bu jarayonlar yosh avlodning bilim olishga bo‘lgan intilishi va qiziqishini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan press-tur yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari hamda 1-sinf o‘quvchilariga topshiriladigan «Prezident sovg‘asi»ni hududlarga yetkazish jarayonlarini ommaviy axborot vositalari vakillariga tanishtirishga bag‘ishlandi.
Tadbir avvalida OAV vakillari ishtirokida vazirlik huzuridagi «Ta’minot va logistika xizmati» korxonasi tomonidan 1-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat «Prezident sovg‘asi» karvonini hududlarga jo‘natish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan 202-sonli umumta’lim maktabi misolida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari hamda 1-sinfga o‘quvchilarni qabul qilish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, 2026–2027-o‘quv yilida mamlakatimizdagi 10 ming 225 ta umumta’lim maktabida 550 mingdan ortiq o‘qituvchi 6,7 milliondan ziyod o‘quvchiga ta’lim-tarbiya berishi kutilmoqda.

Yangi o‘quv yilida 795 mingdan ortiq bolani 1-sinfga qabul qilish rejalashtirilgan. Joriy yilning 5-avgust holatiga ko‘ra, 680 ming nafar bola (rejaning 85 foizi) 1-sinfga qabul qilingan. 1-sinfga qabul qilinayotgan bolalar uchun 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat «Prezident sovg‘asi» tayyorlandi.
Ayni paytda ushbu o‘quv qurollarini vazirlik tomonidan hududlardagi maktablarga yetkazish ishlari boshlangan. Mazkur o‘quv qurollari joriy yilning 15-avgustiga qadar mamlakatimizning barcha hududlariga, 25-avgustiga qadar esa qabul qilingan o‘quvchilar soniga mos ravishda barcha maktablarga to‘liq yetkazib beriladi.
«Prezident sovg‘asi» sifatida tayyorlangan mazkur o‘quv qurollari «Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbirlaridan so‘ng 1-sinf o‘quvchilariga tantanali ravishda topshiriladi. Shuningdek, sovg‘alar nodavlat maktablar hamda boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan 1-sinf o‘quvchilariga ham beriladi.
Har bir birinchi sinf o‘quvchisini «Prezident sovg‘asi» bilan o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida vazirlikning adm.maktab.uz elektron platformasi orqali maktablar kesimida bolalarning nomma-nom ro‘yxati shakllantirildi. Bunda nodavlat maktablar va boshqa vazirliklar tasarrufidagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari ham inobatga olingan.
Press-tur davomida 1-sinf o‘quvchilari uchun tayyorlangan darsliklar majmuasi ham taqdim etildi. Mutaxassislar yangi darsliklarning o‘ziga xos jihatlari, mazmun-mohiyati hamda ta’lim jarayonidagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Media-tur o‘tkazilgan Chilonzor tumanidagi 202-sonli umumta’lim maktabida yangi o‘quv yilida 1260 nafardan ortiq o‘quvchi ta’lim olishi, shundan 175 nafar bola 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Maktabda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim jarayoniga jalb etish maqsadida inklyuziv sinflar tashkil etilgan. Ular uchun barcha zarur sharoitlarga ega «to‘siqsiz muhit» yaratilgan.
Hozirgi kunda maktabda 13 nafar bola inklyuziv sinflarda tahsil olmoqda. Ulardan ikki nafari joriy o‘quv yilida 1-sinfga qabul qilingan.
N.Usmonova,
O‘.Hayitov (surat),
O‘zA muxbirlari