Yangi o‘quv yili – ezgu tilaklar va katta maqsadlar bilan boshlandi
Adliya vaziri Akbar Toshqulov Toshkent shahridagi 294-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, yangi o‘quv yilini boshlayotgan o‘quvchilar bilan uchrashdi.
Tadbir avvalida vazir maktab o‘quvchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yangi o‘quv yili munosabati bilan yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Unda yosh avlodga bildirilgan ezgu tilaklar, ta’lim olish, bilim va kasb-hunar egallash yo‘lida ulkan imkoniyatlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi.

A.Toshqulov maktabning yuqori sinf o‘quvchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularga ta’limning inson hayotidagi o‘rni, zamonaviy kasblarni egallash, huquqiy bilim va dunyoqarashni kengaytirishning ahamiyati haqida so‘zlab berdi. O‘quvchilarning savollariga javob berib, kelajakdagi maqsadlari va orzulari bilan qiziqdi.
Vazir maktabning 1-sinf o‘quvchilari uchun ham dars mashg‘ulotida ishtirok etdi. Kichik yoshdagi o‘quvchilar bilan samimiy suhbatlashib, ularni maktab hayotidagi ilk qadamlari bilan tabrikladi va bilim olishga, kitob o‘qishga hamda ustozlarini hurmat qilishga chorladi.

Yangi o‘quv yilining ilk kunida bunday uchrashuvlar o‘quvchilarga nafaqat katta motivatsiya, balki kelajak sari dadil qadam tashlash, o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yish va ularga erishishga intilish uchun qo‘shimcha ruh bag‘ishladi.
N.Abduraimova, O‘zA