Yangi oʻquv yili shukuhi
Navoiy davlat konchilik institutida ham orziqib kutilgan yangi oʻquv yili boshlandi.
Navoiy davlat konchilik institutida ham orziqib kutilgan yangi oʻquv yili boshlandi. Erta tongdan guldastalarni opichlab, oʻqishga oshiqqan oʻgʻil-qizlar yuz-koʻzlarida ulkan orzular mujassam. Ayniqsa, ilk bor talabalikka qabul qilingan yoshlarning quvonchini aytmaysizmi?
“Mustaqillik darsi” deb nomlangan anʼanaviy tadbirda Navoiy davlat konchilik instituti rektori, Oliy Majlis Senati aʼzosi Q.Sanaqulov istiqlol bergan ulkan imkoniyatlar, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan taʼlim va yoshlarga oid davlat siyosati mazmun-mohiyati, oliygohda yaratilgan shart-sharoitlar haqidagi maʼruza qildi.
– Oʻrta Osiyodagi yagona boʻlgan institutimizga 13 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 466 nafar bakalavr va 10 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha 51 nafar magistrant oʻqishga qabul qilindi. Oliygohdagi mavjud 3 ta fakultet va 15 ta kafedradagi 201 nafar professor–oʻqituvchilar, jumladan, 78 nafari fan nomzodi va (PhD) falsafa doktorlari, 15 nafar (DSc) fan doktorlari taʼlim beradi. Bundan tashqari, taʼlim muassasamiz oʻzining eng zamonaviy binosi, qiymati 6 million AQSH dollariga teng boʻlgan zamonaviy laboratoriyasi, barcha talablarga javob bera oladigan “Texno-park” majmuasi, yangi sport zali va boshqa keng imkoniyatlariga ega. Bir soʻz bilan aytganda, yangi oʻquv yiliga katta tayyorgarlik koʻrdik. Yana bir muhim xushxabar. Yangi oʻquv yilidan boshlab oliygohimizning Nukus filiali ham oʻz faoliyatini boshladi, - deydi institutning yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori Jamoliddin Nazarov.
Tadbirda soʻz olgan professor-oʻqituvchilar, hamkor tashkilotlar vakillari, ota-onalar, talabalar va jamoatchilik vakillari yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan gʻururlanib, oʻz fikrlarini bildirdi.
Abdumajid JOʻRAYEV,
NKMK Matbuot markazi boshligʻi