Yangi nom, yangi chempionlar (+video)
Farg‘onada belbog‘li kurash bo‘yicha o‘smirlar va qizlar o‘rtasida jahon chempionati davom etmoqda. Vaznlar bo‘yicha birin-ketin g‘oliblar aniqlanmoqda. Ular orasida O‘zbekiston vakillari tobora ortib borayotgani quvonchlidir. 60 kilogramm vazndagi o‘smirlar bahslari kecha kech yakunlandi. G‘oliblik shohsupasiga yurtimiz vakili chiqdi va uning sha’niga O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi.
– Belbog‘li kurash sporti bo‘yicha 10 yildan buyon shug‘ullanaman, – deydi jahon chempioni Humoyun Ergashaliyev. – Ko‘p marotaba O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. Tojikiston, Vengriya, rossiyalik raqiblarimni yengib, finalda birinchi o‘rinni egalladim. Bunday natijaga erishishimda ota-onam, murabbiylarimning hissasi katta.


Belbog‘li kurash bilan avvallari yigitlar shug‘ullangan. Endi esa qizlar ham bu sport turini o‘zlashtirdilar. Bunda tajribali murabbiylarning o‘rni katta. Jahon chempionatida o‘zbekistonlik qizlar ham yuqori natijalar ko‘rsatishyapti.
– Kecha 44 kg vaznda belbog‘li kurash yo‘nalishi bo‘yicha Ziyoda Fozilova ikkinchi o‘rinni egalladi, – deydi o‘zbekistonlik murabbiy Maftuna Agzamova. – Bugun shu yo‘nalishda Muxlisa Abdukarimova kurashadi. Buvayda tuman sport maktabida 60 dan ziyod qizlar shug‘ullanib kelishmoqda. Bular orasida ko‘plab respublika, Osiyo, jahon chempionlari bor. Tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiramiz.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Npfo6dIzSFY" title="Yangi nom, yangi chempion" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ertaga erkaklar va ayollar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA