“Yangi nafas” g‘oliblari aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etilgan “Yangi nafas” sport musobaqalari Samarqandda ham yuqori saviyada o‘tkazildi.
“Buyuk Ipak yo‘li” xalqaro turistik majmuasida “Bir Vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda — birga yuguramiz” shiori ostida o‘tkazilgan marafonda yetti mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Erkaklar o‘rtasidagi bahsda mazkur marafonning o‘tgan yilgi bellashuvlarida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti talabasi Namoz Bobomurodov muvaffaqiyat qozondi. Ikkinchi o‘rinni Markaziy harbiy okrug xizmatchisi Ilhom Nazarov egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin pastdarg‘omlik sportchi Komiljon Fozilovga nasib etdi.
[gallery-9551]
Qizlar o‘rtasidagi bahslarda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni pastdarg‘omlik sportchilar Farangiz Alimova va Elnoza Maxmaraimova qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Samarqand davlat universiteti talabasi Durdona Shamiyeva uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
Musoqabada nogironligi bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtiroklar hamda boshqa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA