Yangi majmua bugun ziyoratchilar bilan gavjum
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi Xotira xiyobonini zamonaviy ko‘rinishga keltirish uchun loyiha ishlab chiqilib, amaliy ishga kirishilgan edi. Viloyat va tuman hokimliklari, mas’ul tashkilot sa’y-harakati bilan majmua sharqona me’morchilik an’analariga mos ta’mirlandi. Ajdodlar ruhiga ehtirom ramzi sifatida Motamsaro ona haykali o‘rnatilib, atrofi ko‘kalamzorlashtirildi.
Majmuaning ochilish marosimida viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari, huquqni muhofaza qilish idoralari, mehnat faxriylari, jamoatchilik, harbiy qism shaxsiy tarkibi, yoshlar ishtirok etdi.


Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Botir Zaripov barchani Xotira va qadrlash kuni bilan samimiy tabriklab, bu majmua – shunchaki yodgorlik monumenti emas, bu olis va yaqin o‘tmishimizga saboq nazari bilan qarashga da’vat etuvchi ibrat kitobi, jang maydoniga yo‘l olgan farzandining qadamiga intizor ko‘z tutgan onaizor o‘tli xitobi ekanini e’tirof etdi. Zero, bu haykal ajdodlarimizning yurt tinchligi yo‘lida ko‘rsatgan mangu jasoratiga qo‘yilgan, avlodlarning chuqur minnatdorlik ehtiromidir.
Tadbirda hududdagi korxona va tashkilotlar jamoalari, harbiylar Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydi. Shu zaminda kamolga yetgan jasorati yodga olinib, urush qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirildi.


Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.