Yangi loyihalar va sanoat yuksalishi Qashqadaryoni mamlakatning ilg‘or hududiga aylantirmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi. Tashrif “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Sulton Tex Group” to‘qimachilik klasterining yangi fabrikasi faoliyati bilan tanishishdan boshlandi.
Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha joriy yil 13-martda qabul qilingan qaror doirasida klaster tomonidan mato ishlab chiqarish va bo‘yash fabrikasi tashkil etildi. Qiymati 54 million dollar bo‘lgan loyiha natijasida yiliga 20 ming tonna mato ishlab chiqarish va bo‘yash quvvatiga ega liniyalar ishga tushirildi. Fabrikada 840 ta ish o‘rni yaratildi.

Korxonada suv va energiya sarfini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Qiymati 3 million dollar bo‘lgan yopiq suv aylanishi tizimi ishlab chiqarishda foydalanilgan suvning 95 foizdan ortig‘ini tozalab, qayta ishlatish imkonini beradi. Buning hisobiga yiliga 1,1 million kub metr suv tejaladi.
Fabrikani uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun gaz generatori o‘rnatilgan. Bino tomi va devorlariga umumiy quvvati 3,5 megavatt bo‘lgan quyosh panellari joylashtirilgan. Ushbu yechimlar elektr energiyasi, issiq suv va bug‘ ta’minotidagi xarajatlarni kamaytirib, mahsulot tannarxini pasaytirishga xizmat qiladi.
Kelgusida “Sulton Tex Group” klasteri mazkur erkin iqtisodiy zonada 70 million dollarlik loyihani amalga oshirib, 3 ming 570 ta ish o‘rni yaratishi rejalashtirilgan. Viloyatning boshqa tumanlaridagi qiymati jami 17 million dollar bo‘lgan loyihalar esa yana 1 ming 220 kishini ish bilan ta’minlashi ko‘zda tutilmoqda.

Davlatimiz rahbari fabrikadagi ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Bu yerda joriy qilingan resurs tejamkor texnologiyalar boshqa to‘qimachilik korxonalari uchun namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Korxonada mehnat qilayotgan Dilorom Xoliyorova Prezidentimiz bilan suhbatda ish o‘rni va yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanini bildirib, ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik izhor etdi.
– Inson mehnat qilsa, albatta, natijasi ham boshqacha bo‘ladi. Mana shu yangi avlod tadbirkorlarimiz bilan hozir mutlaqo boshqa darajaga chiqyapmiz, ular nafaqat qo‘shimcha qiymat zanjiri yaratyapti, balki “yashil” texnologiyalar bilan ekologiyaga g‘amxo‘rligini ham namoyon etmoqda, – dedi Prezidentimiz.
So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi “FM World” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Majmua Xitoyning 500 ta yirik xususiy korxonasi qatoriga kiritilgan “Jiangsu World Group” korporatsiyasi tarkibiga kiradi.
Qiymati 20 million dollar bo‘lgan loyiha to‘liq xorijiy investitsiya hisobidan moliyalashtirilib, 5 gektar maydonda joylashgan. 12 ming kvadrat metr maydonda ishlab chiqarish binolari barpo etilgan. Bu yerda 200 ta ish o‘rni yaratilib, ishlab chiqarishning ayrim jarayonlari avtomatlashtirilgan.
Ayni paytda korxonada “Nasaf” brendi ostida besh xil rusumdagi traktorlar, paxta terish mashinalari va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalari yig‘ilmoqda. Traktorlar GPS, avtopilot, o‘g‘itlashni boshqarish va masofadan nazorat qilish tizimlari bilan jihozlangan. Bu dala ishlarini aniq bajarish, yonilg‘i va boshqa resurslar sarfini kamaytirishga xizmat qiladi.

Korxonada dala sharoitida texnikalarga xizmat ko‘rsatish, nosozliklarni oldindan aniqlash va ulardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha muntazam o‘quv mashg‘ulotlari ham o‘tkazilmoqda.
Traktorlarni yig‘ishda mahalliylashtirish darajasi 30 foizni tashkil etadi. Korxonaning o‘zida 138 turdagi detal va butlovchi qism ishlab chiqarilmoqda. Butlovchi qismlar ishlab chiqarishni kengaytirish va korxonalar bilan kooperatsiyani kuchaytirish orqali mahalliylashtirish darajasini bosqichma-bosqich oshirish muhimligi qayd etildi.
Yillik eksport hajmini 50 million dollarga yetkazish, mahsulotlarning 30 foizini qo‘shni davlatlarga yetkazib berish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayoni va tayyor texnikalar bilan tanishdi.

– Shu paytgacha qishloq xo‘jaligi texnikalarini xorijdan olib kelardik. Bu esa tannarxga ta’sir qilardi. Qashqadaryoda fermerlarimizning ishini yengillashtiradigan zamonaviy texnikalarning o‘zimizda, o‘zimizning brendimiz ostida ishlab chiqarilishi bir paytlar orzu edi. Mahalliylashtirish – qishloq xo‘jaligidagi islohotlarimizning uzviy davomi. Bunday ishlarni izchil davom ettiramiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari so‘nggi besh yilda viloyatga 20 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 7 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinganini qayd etdi. Xomashyoni chuqur qayta ishlashga qaratilgan minglab loyihalar ishga tushirildi, aholi jon boshiga daromad uch baravar oshdi.
– Endi yetishtirilgan mahsulotni viloyatning o‘zida chuqur qayta ishlab, voha aholisining munosib daromad topishiga sharoit yaratish kerak, – dedi Prezidentimiz.
Shu maqsadda umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 161 ta loyiha tayyorlangan. Marosimda 69 ta loyiha ishga tushirildi, yana 92 tasining qurilishiga start berildi.
Ishga tushirilayotgan 28 ta sanoat korxonasida 7 mingga yaqin doimiy ish o‘rni yaratilmoqda. Italiyaning “Cotonella” brendi yiliga 8,5 million dona tayyor trikotaj mahsuloti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda. Koson, Mirishkor va Kasbi tumanlarida to‘qimachilik sohasida yana 14 ta loyiha boshlanmoqda. Ular hisobidan 18 mingta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda ham yangi quvvatlar tashkil etilmoqda. AQSHlik hamkorlar ishtirokidagi “Wosune Food Ingredients Karshi” korxonasi 3,5 ming gektar maydonda yetishtiriladigan 100 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlaydi. Uning 40 million dollarlik mahsulotini “Nestlé” va “Purina” kabi xalqaro brendlar uchun eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Misr va Pokiston investorlari esa Nishon va G‘uzor tumanlarida 24 ming gektar yerni o‘zlashtirib, kartoshkachilik va chorvachilik loyihalarini boshlamoqda.
– “Yashil” iqtisodiyot viloyatni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Oqsuv daryosida umumiy quvvati 24 megavatt bo‘lgan uchta gidroelektr stansiyasi ishga tushirildi. Qarshi tumanida Xitoyning “Shanghai SUS” kompaniyasi ishtirokida chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 150 million dollarlik zavodni yil yakuniga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Kitob, Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlarida umumiy quvvati 58 megavatt bo‘lgan to‘qqizta mikroGES barpo etiladi.
Kitob tumanida Ozarbayjon bilan hamkorlikda oltin qazib olish loyihasi boshlanmoqda. Shahrisabz tumanida esa rossiyalik investorlar bilan 300 million dollarlik dor yo‘li, mehmonxona va tog‘-chang‘i kurorti majmuasini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz xorijiy hamkorlar va investorlarga viloyatga sarmoya, yangi texnologiya va innovatsiyalar olib kirayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ularning takliflari tinglandi.

– 2027-yil Qashqadaryoni zamonaviy sanoat va agrotexnologiyalar asosida rivojlantirish yili bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shundan so‘ng Prezidentimiz ramziy tugmani bosib, yangi loyihalarni ishga tushirdi va navbatdagilarining qurilishiga start berdi.
Keyin Prezident Shavkat Mirziyoyev “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasidagi “Wosune Food Ingredients Karshi” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Hududda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan yangi korxona xomashyodan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot tayyorlab, uni tashqi bozorlarga yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqda.
AQSHning “Wosune International Inc” kompaniyasi sarmoyasi hisobidan barpo etilgan korxonaning qiymati 8,5 million dollar. 150 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan.
Bu yerda sabzi, bulg‘or qalampiri, oshqovoq, olma, ko‘k piyoz, ismaloq va turli ko‘katlar konveksion uskunalarda quritiladi. Ushbu texnologiya mahsulotning tabiiy ta’mi va ozuqaviy xususiyatlarini saqlashga xizmat qiladi. Ishlab chiqarish jarayonining 30 foizi robotlashtirilgan.

Tayyor ingrediyentlar tez tayyorlanadigan taomlar, ziravorlar, konservalar va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga yetkazib beriladi. Mahsulotlar Rossiya, Yevropa va MDH davlatlariga eksport qilinmoqda. Yillik eksport hajmini 40 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Xomashyo ta’minotini kengaytirish maqsadida viloyatdagi dehqon xo‘jaliklari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Davlatimiz rahbari korxonaning ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va uning negizida tashkil etilgan “Kasblar shaharchasi” faoliyati bilan ham tanishdi.

Qiymati 42 milliard so‘m bo‘lgan texnikum 5,2 gektar maydonda joylashgan. Uning tarkibida o‘quv binolari va laboratoriyalar, ustaxonalar, yotoqxona, sport maydonchasi, oshxona va “Kasblar shaharchasi” barpo etilgan. Jami 14 ta bino va inshootni qamrab olgan muassasada 80 ta ish o‘rni yaratilgan.
Hozir bu yerda 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 417 nafar yosh tahsil olmoqda. O‘quv jarayoniga Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi tatbiq etilmoqda.
Texnikum viloyatdagi boshqa kasbiy ta’lim muassasalari uchun ham metodik va amaliy baza bo‘lib xizmat qiladi. Ularda tahsil olayotgan 2 ming 800 nafar o‘quvchi shu yerda amaliyot o‘taydi. Amaliyot va dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha 32 ta yirik tashkilot bilan shartnomalar tuzilgan, yana 11 tasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Yil yakuniga qadar 500 nafar yoshni nemis tiliga o‘qitib, Germaniyada haq to‘lanadigan amaliyotga yuborish ko‘zda tutilmoqda. Davlatimiz rahbari stajirovkaga ketayotgan bir guruh yoshlar bilan suhbatlashdi.
– Barcha sa’y-harakatlarimiz sizlar kasb egallashingiz uchun. Kasbli bo‘lsangiz, hech qachon kam bo‘lmaysizlar. Bilim va hunarni puxta egallasangiz, qayerda bo‘lmang, o‘z o‘rningizni topasizlar. Bugun sizlarga shunday imkoniyat berilyapti. Undan to‘g‘ri foydalansangiz, o‘zingiz, farzandlaringiz va nevaralaringiz uchun farovon hayotga zamin yaratasizlar. Shuning uchun bir daqiqangiz ham bekor o‘tmasin, – dedi Prezidentimiz.

Suhbatda maktab davridanoq kasb va til o‘rgatishga e’tibor berish zarurligi ham ta’kidlandi. “Kasblar shaharchasi” shu maqsadda maktab o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatini erta aniqlash, ularni kasbga yo‘naltirish uchun tashkil etilgan.
Yoshlar bu yerda axborot texnologiyalari, “yashil” energetika, robototexnika, dronlarni boshqarish va elektromobillarga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar bilan tanishadi. Shuningdek, tikuvchilik, oshpazlik, santexnika, zootexnika va agronomiya bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallaydi.
Viloyatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari yangi mutaxassislarga ehtiyojni oshirmoqda. Shu bois, texnikum imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, ta’lim dasturlarini ish beruvchilar talabiga moslashtirish va yoshlarni yangi korxonalar uchun maqsadli tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.
Shu yerda Qashqadaryo viloyati ta’lim tizimidagi zamonaviy yondashuvlar hamda Germaniya bilan hamkorlikdagi istiqbolli qo‘shma loyihalar yuzasidan axborot berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida G‘uzor tumanida tashkil etilgan ko‘chatchilik markaziga bordi.

Davlatimiz rahbarining 2026-yil 23-sentabrdagi farmoni bilan mahallalarning ko‘kalamzorlashtirishdagi rolini kuchaytirish, “3-30-300” tamoyili asosida yashil hududlarni kengaytirish vazifalari belgilangan. Yangi markaz sifatli ko‘chat yetishtirishni mahallalar ehtiyoji, daraxtlarni parvarishlash va aholi bandligi bilan bog‘lashga qaratilgan.
Xorij tajribasi asosida 65 gektar maydonda tashkil etilgan majmuaning qiymati 9,5 milliard so‘m. Bu yerda 100 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan.
Markazning 50 gektari manzarali daraxtlar, 5 gektari mevali daraxtlar, 3 gektari buta va gul ko‘chatlarini yetishtirishga ajratilgan. Birinchi bosqichda 1,6 million dona, keyingi bosqichda 5 million dona nihol va ko‘chat yetishtirish ko‘zda tutilgan. Bu yerda 41 turdagi manzarali va ignabargli daraxt ko‘chatlari mavjud.
Majmuada ochiq ko‘paytirish maydonlari, issiqxona, urug‘dan nihol yetishtirish va ko‘chatlarni soyalash inshootlari barpo qilingan. Sig‘imi 4,2 ming kub metr bo‘lgan uchta membranali suv havzasi tashkil etilib, 20 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilgan. Kompost va mulcha tayyorlash uskunalari hamda quyosh panellaridan foydalanilmoqda.
Zamonaviy texnologiyalar yil davomida, jumladan, ekish mavsumidan tashqari vaqtda ham ko‘chat yetishtirish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, an’anaviy usullarga nisbatan yetishtirish hajmi 8-10 barobar ko‘payib, suv sarfi 3 baravar kamayadi. Bu ko‘chatlar tannarxini 30-40 foizga pasaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Markazda mahallalarni yashillashtirish uchun alohida xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Ular ko‘chat va butalar yetkazib berish, zararlangan daraxtlarni davolash, mulchalash hamda tomchilatib sug‘orish tizimlarini tashkil etishni qamrab oladi. Har bir mahallaga o‘rmonchi murabbiy biriktirilib, “yettilik” a’zolari uchun har bir ekish mavsumi oldidan o‘quvlar o‘tkaziladi.
Aholi ham ko‘chat yetishtirish jarayoniga jalb qilinmoqda. Kooperatsiya shartnomalari asosida fuqarolarga nihollar yetkazib beriladi. Ular xonadonlarda bir-ikki mavsum parvarishlanib, tayyor ko‘chatga aylangach, kafolatli tarzda sotib olinadi. Bu oilalarga qo‘shimcha daromad manbai yaratadi.
Davlatimiz rahbari markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, ko‘chat ekish va bog‘ yaratish xalqimizga xos ezgu an’ana ekanini ta’kidladi. Markazning mahallalarni ko‘kalamzorlashtirish va aholi daromadlarini oshirishdagi imkoniyatlari haqida axborot berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida “Qashqadaryo Jingu” korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.

Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan “Qashqadaryo Jingu” agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qamashi tumanidagi Chim mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va aholi bandligini ta’minlash choralari bilan tanishdi.

“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” sifatida rivojlantirilayotgan Chimda 5,5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, ularning qariyb yarmini yoshlar tashkil etadi.

Infratuzilmani yangilashga 55 milliard so‘m yo‘naltirilib, 240 o‘rinli bolalar bog‘chasi, 640 o‘rinli maktab, mahalla va yoshlar markazlari, istirohat bog‘i barpo etilgan. Shuningdek, 4,5 kilometr yo‘l qurilib, elektr ta’minoti va sug‘orish tarmoqlari yangilangan.
Davlatimiz rahbari mahalla markazidagi o‘yingohda bolalar va ularning onalari bilan suhbatlashdi. Yoshlar kutubxonasida esa kitobxon yigit-qizlarning maqsad va intilishlari bilan qiziqdi.
Muloqotda Prezidentimiz O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va Halima Xudoyberdiyeva ijodini esladi. Tilga, milliy adabiyotga va ajdodlarimiz merosiga e’tibor ortib borayotganini qayd etdi.
– Bugun tilimizga, millatimizga va o‘zligimizga bo‘lgan ehtirom tobora yuksalmoqda. Odamlar yana kitob o‘qishga intilyapti. Ota-bobolarimizdan qolgan ma’naviy merosni qayta tiklayapmiz. Qamashining Chim mahallasida ham shunday ma’naviy muhit, shunday sharoitlar yaratilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz oliy ta’lim imkoniyatlari kengaygani, bilimli va Vatanini sevadigan kadrlarni tayyorlash mamlakat kelajagi uchun zarurligini ta’kidladi.
– Ilgari 100 nafar yoshdan atigi 9 nafari oliy ta’limda o‘qigan bo‘lsa, bugun 45 nafari o‘qiyapti. Oliygohlarni tashkil etish, professor-o‘qituvchilarga sharoit yaratish katta mehnat talab qiladi. Lekin O‘zbekistonning kelajagi uchun milliy g‘ururi bor, Vatanni sevadigan kadrlar kerak. Men sizlarga ishonaman. Jonajon Vatanimiz, Qashqadaryo vohasining kelajagi sizlarning qo‘lingizda, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Chimda aholi daromadini oshirish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratilgan. Xotin-qizlar mehnat qilayotgan gilamchilik va kashtachilik korxonasiga 3,5 milliard so‘m sarmoya kiritilgan. Banklar ko‘magida 20 ga yaqin xonadonda umumiy maydoni 36 sotix bo‘lgan issiqxonalar tashkil etilgan, mahsulotlarni saqlash uchun 200 tonnalik muzlatkich qurilgan. Bu ishlar orqali 80 dan ortiq ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan.
Shuningdek, kooperatsiya asosida limonchilik rivojlantirilmoqda. Aholiga ko‘chat, o‘g‘it va agrotexnik xizmatlar yetkazib beriladi, yetishtirilgan hosil kafolatlangan narxda sotib olinadi. Limon ko‘chatlari orasiga kartoshka, brokkoli va ko‘katlar ekilishi hisobiga daraxtlar hosilga kirguniga qadar har bir issiqxonadan qo‘shimcha 14-16 million so‘m daromad olinmoqda.
Mahallada 70 ta tadbirkor faoliyatini kengaytirgan, yana 20 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilgan. Avtomagistral bo‘yidagi xizmat ko‘rsatish ob’ektlari soni 31 tadan 137 taga yetib, 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. Chim va unga qo‘shni mahallalardagi 1,2 mingta xonadon kooperatsiya asosida farmatsevtika va kosmetika sanoatida qo‘llaniladigan gulxayri o‘simligini yetishtirmoqda.
Tashrif yakunida Prezidentimiz mahalla faollari va nuroniylar bilan suhbatlashdi. Ular mahalladagi o‘zgarishlar haqida o‘z fikrlarini bildirib, yurt farovonligi va yoshlar kelajagi uchun duo qildilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘lmas BAROTOV,
O‘zA maxsus muxbirlari