Yangi loyihalar ish unumdorligini oshirmoqda
Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi Shimoliy kon boshqarmasi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan korxonalardan biridir.
Bu zaminning har qarich yeri tilloga teng bo‘lib, hudud oltin va uran konlari bilan mashhur. “Sharqiy” va Dovgiztov konlari esa mustaqil O‘zbekiston tarixidagi dastlabki konlardan hisoblanadi. Hozirgi vaqtda boshqarmaning ikki yirik konida qazib olish loyihasining 2-navbati bo‘yicha 28 ta karerda kon ishlari olib borilmoqda. Birgina “Sharqiy” konidan yiliga 4 million tonna sulfidli ma’dan qazib olinib, 3-gidrometallurgiya zavodida qayta ishlanadi.
– 3-gidrometallurgiya zavodi – mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillarida foydalanishga topshirilgan konchilik va metallurgiya sohasidagi birinchi yirik sanoat korxonasidir, – deydi zavod direktori Shuhrat Norbadalov. – 1995 yil 14 iyunda 3-gidrometallurgiya zavodining birinchi bosqichi ishga tushirilgan. Shu vaqtga qadar Uchquduqda faqat uran qazib olingan bo‘lsa, yangi zavod ishga tushirilgach, oltin ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Zavod ilk ishga tushgan yilda 1 million 200 ming tonna xomashyo qayta ishlangan bo‘lsa, 2021 yilda mazkur raqam 8 million tonnani tashkil etdi.

bugungi kunda zavodda “Kokpatas” va “Dovgiztov” konlaridan qazib olingan oltin tarkibli ma’dan qayta ishlanadi. 2003 yildan boshlab korxonada dunyoda yagona bo‘lgan Janubiy Afrika Respublikasidagi biotexnologiya usuli – bakteriyalar yordamida rudani qayta ishlash jarayonini tashkil etishga katta qiziqish bildirildi. Loyihaning birinchi bosqichi 2008 yilda ishga tushirilgan bo‘lsa, 2011 yilda ikkinchi bosqich foydalanishga topshirildi.
2019 yilda esa “Ko‘kpatas” va “Dovgiztov” konlarining sulfid ma’danlaridan oltinni ajratib olish texnologiyasini takomillashtirish” investitsiya loyihasi asosida zavodda chiqindilarni qayta ishlashga mo‘ljallangan filtrlash, quritish va quydirish bo‘yicha yangi yuqori texnologiyalarga asoslangan majmua ishga tushirildi. Bu sex dunyoda yagona hisoblanib, chiqindilar qayta ishlanib, yiliga bir tonna miqdorida qo‘shimcha oltin olinmoqda.
– Yangi loyiha tabiiy resurslardan to‘liq foydalanishni ko‘paytirish va ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish hamda chiqindiga chiqib ketadigan oltin miqdorini ikki baravar kamayish imkonini berdi, – deydi Sh.Norbadalov. – Umuman olganda zavod ishga tushirilgan yilga nisbatan korxonaning ma’dan qayta ishlash bo‘yicha yillik unumdorligi 6 barobardan ko‘proq, oltinni yarim tayyor holatida ishlab chiqarish esa 5 barobar oshdi. Dastlabki loyihaga asosan yangi kuydirish majmuasida oltinni ajratib olish darajasi 62 foiz deb belgilangan. Ushbu ko‘rsatkichga yangi majmua ishga tushirilgandan olti oy o‘tgach erishildi. 2021 yil oxiriga kelib esa oltinni ajratib olish darajasi 73 foizga yetkazildi.

2022 yilning 10 oyi yakuniga ko‘ra, zavodda ma’danni qayta ishlash rejasi 102,3 foizga, yarim tayyor mahsulotni ajratib olish darajasi 100 foizga va yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarish rejasi 102,5 foizga bajarildi.
Hozirgi kunda filtrlash, quritish va kuydirish sexining ish unumdorligini oshirish va sorbsiya chiqindisining tarkibidagi oltinni to‘liq va sifatli olish maqsadida kuydirilgan mahsulot bilan laboratoriya sharoitida tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Laboratoriya tahlil natijalari tarkibi oksidlar va temir gidroksidlar bilan bog‘langan oltinni kislota bilan ishlov berish yordamida ajratib olish imkonini berdi.
Zavod mutaxassislari tomonidan ishlab chiqarishda qo‘llanilgan yangilik kuydirilgan mahsulotdan oltin ajratib olishni 3 foizga oshirdi. 3-GMZda tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini yanada ko‘paytirdi. Bunday istiqbolli loyihalar respublikamiz iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qilayotganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA.