Yangi loyiha har tomonlama qulay va samarali
“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan sohani raqamlashtirish orqali to‘lov intizomi va madaniyatini oshirish, aholi tomonidan to‘lanayotgan to‘lovlarning shaffofligini yanada oshirish orqali korrupsiya holatlarini oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buni 2021 yil 20 may sanasidan boshlab tajriba sinov loyiha tariqasida Toshkent viloyatining Qibray va Toshkent shahrining Olmazor hamda Shayxontohur tumanlarida amalga oshirilgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Mazkur hududlarda suv ta’minoti korxonalarining nazoratchilari tomonidan xizmatlar uchun aholidan pul undirish ishlari to‘xtatilgan edi. Ushbu hududlarga biriktirilgan nazoratchilar faqat belgilangan tartibdagi kuzatuv va xatlov ishlari bilan shug‘ullangan. Ular tasarrufidagi to‘lov terminallari va termoprinterlar boshqa hududlarga biriktirib berilgan.
Mazkur tajriba sinov loyiha natijalarining tahlili ijobiy bo‘ldi. Jumladan, ushbu tumanlardagi ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun iste’molchilar tomonidan to‘lovlarning mustaqil ravishda amalga oshirilishi hajmi oshgan. To‘lov intizomi esa yaxshilangan. Shuningdek, ish jarayonidagi xarajatlarni qisqartirishga erishilgan. Nazoratchilar tomonidan iste’molchlarning 19 ming 197 tasi xatlovdan o‘tkazilgan. 1 milliard 839 million so‘mlik qarzdorligi mavjud 1 ming 128 nafar iste’molchi ishlari majburiy undirish yuzasidan sud organlariga topshirilgan. 32 ta qarzdor iste’molchilar qayta ogohlantirishga qaramay to‘lovlarni o‘z muddatida to‘lamaganliklari bois vaqtincha tarmoqdan uzib qo‘yilgan.
Ushbu natijalardan kelib chiqib, 2021 yilning 2 avgustidan boshlab Respublikamizning 28 ta tuman, shaharlarida ham mazkur loyiha amalda tatbiq etilayotir.
– Loyiha amalga oshiriladigan hududlarda suv ta’minoti korxonalarining nazoratchilari tomonidan xizmatlar uchun aholidan pul undirish ishlari to‘xtatiladi, – dedi “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati rahbari A.Murodov. – O‘z navbatida, aholi ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishda qulay va tezkor bo‘lgan vositalardan foydalanishi mumkin. Jumladan, Cabinet.uzst.uz shaxsiy kabinet orqali, @uzst_bot telegram-boti orqali, elektron to‘lov tizimlari (Click, Paynet, Upay, Payme, Oson) hamda to‘lov infokiosklari orqali, tijorat banklari mobil ilovalari orqali, tijorat bank kassalari va shaxobchalari hamda pochta bo‘limlari orqali. Fursatdan foydalanib ta’kidlamoqchiman, ushbu sinov loyiha davrida iste’mol qilingan ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari uchun suv ta’minoti korxonalari nazoratchilari to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lov talab qilishlari holatlariga duch kelsangiz, “O‘zsuvta’minot” AJning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 555-03-1055 telefon raqamiga yoki stopcorruption@umail.uz elektron pochtasi orqali murojaat qilishingiz mumkin. Shuningdek, respublika bo‘ylab 12-55 yagona qisqa raqami (eslatib o‘tamiz ushbu raqam orqali bog‘lanishda barcha qo‘ng‘iroqlar bepul) hamda “Suvta’minot/Vodosnabjeniye” (t.me/uzsuv_chat) telegram-chati vositasida sohaga oid barcha savollar, takliflaringizni bildirishingiz mumkin.
Nilufar Bozorova, O‘zA