Yangi korxonada lift ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi
FOTOREPORTAJ
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Namangan viloyati Davlatobod tumanida zamonaviy sanoat korxonalari safi yana bittaga kengaydi. “BLT Brilliant Elevator” MCHJ tomonidan Xitoyning “Shenyang Yuanda Intellectual Industry Group CO., LTD” kompaniyasi bilan hamkorlikda lift ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo‘shma korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Yangi korxonaning ishga tushirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi Anvar Tojimirzayev, nuroniylar, mahalla faollari, tadbirkorlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
[gallery-31065]
Korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida oyiga 120 dona lift ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Bu yiliga 1440 dona mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Yangi ishlab chiqarish quvvatining faoliyati natijasida 50 nafar fuqaro doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanadi.
Ishlab chiqarish jarayonida zamonaviy texnologiya va uskunalardan foydalanish, mahsulot sifatini ta’minlash hamda ichki bozor talabiga mos raqobatbardosh liftlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur loyiha xorijiy hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni mahalliy ishlab chiqarishga joriy etish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA