Yangi kon foydalanishga topshirildi
“Navoiyuran” davlat korxonasi “Zafarobod” kon boshqarmasining 4-geotexnologik koniga qarashli “Aktau” koni foydalanishga topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 iyuldagi “2022-2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Aktau” konida ruda qazish maydonini qurish” loyihasini amalga oshirish uchun joriy yilda 2,5 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ o‘zlashtirildi.

– “Aktau” koni 4-geotexnologik koni bazasidan ishchilar qo‘rg‘onchasigacha bo‘lgan masofa 45 kilometrni tashkil qiladi, – deydi “Navoiyuran” DK matbuot xizmati xodimi O‘tkir O‘sarov. – “Aktau” konining ochilishi umumiy hisobda korxona tasarrufidagi yigirmanchi kon bo‘lib, uning zaxiralari dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 15 yilga yetadi.

bugungi kunda “Aktau” konida zamonaviy ishchilar qo‘rg‘onchasi qurildi. Unda 40 kishiga mo‘ljallangan zamonaviy jihozlangan oshxona, tibbiyot xonasi, ishchilar kiyinish va yuvinish xonalari, dam olish vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun ma’naviyat va sport xonalari, yozgi dam olish ayvoni qurildi. Qo‘rg‘oncha atrofi obodonlashtirilib, hududda ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

– Ushbu kon istiqbolli maydon bo‘lib, 2021 yildan dastlabki tajriba-sanoat ishlari olib borildi va yakunda ishlab chiqarishda foydali deb topildi, – deydi 4-geotexnologik koni boshlig‘i Dilshod Xudoyberdiyev. – Shunday qilib, 2022 yilning avgust oyidan “Aktau” konida burg‘ulash ishlari boshlab yuborildi. Hozirda konda 4 ta burg‘ulash qurilmasi ishlamoqda va tayyor burg‘ulangan quduqlarda metall olish uchun passiv oksidlash jarayoni olib borilyapti. Joriy yil so‘nggiga qadar tayyor quduqlar soni 25 taga yetkaziladi.

Konning birinchi bosqichida 20 ta ish o‘rni yaratildi. Ahamiyatlisi, kon to‘liq siklda ishga tushishi bilan yana 74 kishining bandligi ta’minlanadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA