Yangi kitoblar Farzandlarimga nasihatlar
Ushbu kitobda oʻzbekona milliy qadriyatlarimiz badiiy soʻz bilan goʻzal tasvirlab berilgan. Qolaversa, u davr bilan hamnafas ommabop qoʻllanma boʻlibdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy- tadqiqot institutida pedagogika fanlari doktori, professor Oynisa Musurmonovaning “Farzandlarimga nasihatlar”kitobi taqdimoti oʻtkazildi.
–Oynisa Musurmonovaning kitobini oʻqib, uzoq yillik tajribaga tayanilganligini sezish mumkin, – deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari Muhammadjon Quronov. – Kitob qadim sharq anʼanalariga sodiq qolgan holda pandnoma shaklida yozilgan. Ushbu kitobda oʻzbekona milliy qadriyatlarimiz badiiy soʻz bilan goʻzal tasvirlab berilgan. Qolaversa, u davr bilan hamnafas ommabop qoʻllanma boʻlibdi.
– Bu kitob mening yillar davomida orttirgan tajribam, mahsuli boʻlib, unga donishmandlarning hikmatlari, paygʻambarimiz hadislari, Qurʼoni karim hikmatlaridan olgan duru-javohirlarimni tizganman, –deydi Oynisa Musurmonova. – Umid qilamanki, bu kitob millatimiz farzandlari tarbiyasi uchun xizmat qiladi.
Taqdimotda tadbir ishtirokchilariga “Farzandimga nasihatlar” kitobi tarqatildi.
Shuningdek, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.