Yangi investitsiya loyihalari rejalashtirilmoqda
Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish borasidagi xalqaro hamkorlik aloqalari izchil davom ettirilmoqda.
Tuman delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumani, Urumchi shahrining Midun tumanida joylashgan «Xinjiang Hongxin Shengyuan Steel Structure Co., Ltd.» korxonasiga tashrifi davomida korxonaning ishlab chiqarish faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Tashrif chog‘ida metall konstruksiyalar, rangli profnastil hamda C va Z shaklli po‘lat profillar ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy uskunalar va texnologik yechimlar, shuningdek, korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari o‘rganildi.

Muzokaralar davomida mazkur sohada o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or texnologiyalarni Yozyovon tumanida joriy etish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik istiqbolda tumanda metall konstruksiyalar va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahalliy sanoat salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlashga xizmat qilishi mumkin.

Xitoylik ishbilarmonlar bilan olib borilayotgan muzokaralar Yozyovon tumanining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Turob Niyozov, O‘zA