Yangi hayot tumanida yangi poliklinika
Poytaxtimizning Yangi hayot tumanida yangi — 65-sonli oilaviy poliklinika foydalanishga topshirildi.
2020-2021 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga kiritilgan mazkur oilaviy poliklinika tumandagi “Choshtepa”, “Yangi Choshtepa”, “Yangi Darxon”, “Yangi umid”, “Yangihayot” va “Tashabbus” mahalla fuqarolar yig‘inlarining 33 mingdan ortiq aholisiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan.
— Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida tumanimizda yangi oilaviy poliklinikaning ishga tushirilgani hudud aholisiga katta sovg‘a bo‘lib, fuqarolarni juda quvontirdi, aholi uchun tibbiy xizmatlardan foydalanishda qulaylik yaratildi, — deydi 65-sonli oilaviy poliklinika bosh shifokori Muborak Asrorova. — Poliklinikamiz 250 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, zarur asbob-uskuna, tibbiy jihozlar va kompyuterlar bilan ta’minlangan. Tor doiradagi mutaxassislar, oilaviy shifokorlar hamda hamshiralar aholiga xizmat ko‘rsatishni boshladi. Muassasamizdagi xodimlarning 80 foizi Yangi hayot tumani aholisi hisoblanadi. Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida shifokor qabuliga kirish uchun elektron navbatdan o‘tish joriy qilingan. Shuningdek, bu yerda kunduzgi yotoqxonalarda davolanish imkoniyati ham mavjud.
Darhaqiqat, Yangi hayot tumanidagi bu yangilik aholi vakillariga katta qulaylik yaratdi. Oilaviy poliklinikada mobil ilova xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. U orqali shifokor qabuliga onlayn ro‘yxatdan o‘tish, bemor, shifokor va dorixona o‘rtasida ma’lumot almashish, tashriflarni qabul qilishni qayd etish, elektron retseptlarni shakllantirish, tashxis va muolajalarni tayinlash xizmatlarini elektron tarzda amalga oshirish mumkin.
Muhtarama Komilova, O‘zA