Yangi hamkorlik loyihalari muhokama qilindi
Sirdaryo viloyatida xorijiy investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va sanoat tarmoqlarini rivojlantirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Shu maqsadda bugun Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Tianjin shahrida joylashgan «Sziya milliy iqtisodiy-texnologik rivojlanish zonasi» delegatsiyasini qabul qildi.
Muloqotda Sirdaryo viloyati va Xitoyning mazkur iqtisodiy-texnologik hududi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, plastik chiqindilarni qayta ishlash va ulardan ikkilamchi xomashyo olish, metall konstruksiyalar ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, shuningdek, PET qadoqlash materiallarini ishlab chiqarish yo‘nalishlarida loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy xomashyodan samarali foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida taklif etilayotgan investitsiya loyihalarini har tomonlama o‘rganish, ularning iqtisodiy samaradorligini baholash hamda hamkorlikning keyingi bosqichlarini aniq belgilab olish bo‘yicha kelishib olindi.

Mazkur muloqot Sirdaryo viloyatining xalqaro iqtisodiy hamkorlik geografiyasini kengaytirish, sanoatni modernizatsiya qilish va yangi investitsiyaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri