Yangi davr oliy diplomatiyasi
Davlatlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni mustahkamlash – tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi. O‘zA ushbu rukn orqali hafta davomida o‘tkazilgan oliy darajadagi diplomatik muloqotlar tafsilotini taqdim etadi.

O‘zbekiston – Ozarbayjon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku shahriga amaliy tashrifi doirasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Muzokarada ikki davlat ittifoqchilik munosabatini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash 30 foiz oshgani qayd etildi. Energetika, transport, logistika, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlik, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Qozog‘iston – Belgiya
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Belgiya Qiroli Filipp va Qirolicha Matilda rektorlar forumida ishtirok etdi. Tadbirda ikki davlat universitetlari rektorlari sun’iy intellektning ta’lim va ilmiy tadqiqotga ta’siri, shuningdek ta’lim, ilm-fan va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Forum yakunida ikki davlat universitetlari o‘rtasida qator kelishuv va memorandumlar imzolandi.

Ukraina – Buyuk Britaniya
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Buyuk Britaniya Qiroli Charlz III bilan Bukingem saroyida uchrashdi. Muloqot davomida Ukraina rahbari mamlakatga ko‘rsatilayotgan qat’iy qo‘llab-quvvatlov uchun qirolga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Buyuk Britaniya tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam yuqori baholanishi, kelgusidagi qo‘llab-quvvatlov ham muhimligini ta’kidladi.

Tojikiston – Ozarbayjon
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Boku shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammiti doirasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Muzokarada ikki davlat do‘stligi va ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Rahmon tashrif davomida ko‘rsatilgan taklif va samimiy mehmondo‘stlik uchun Ozarbayjon rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Estoniya – Finlyandiya
Estoniya Prezidenti Yulle Madise Finlyandiya poytaxti Xelsinkiga ishchi tashrif bilan borib, mamlakat Prezidenti Aleksandr Stubb bilan uchrashadi. Suhbat chog‘ida ikki davlat ittifoqchilik munosabati, mintaqaviy xavfsizlik, NATO doirasidagi hamkorlik, Ukrainaga ko‘maklashish va muhim infratuzilma ob’ektlarini himoya qilish mavzulariga e’tibor qaratiladi.

Ispaniya – Yevropa Ittifoqi
Ispaniya tarkibidagi muxtor hudud – Bask o‘lkasi rahbari Imanol Pradales Yevropa Komissiyasi ijroiya vitse-prezidenti Raffaele Fitto bilan uchrashdi. Ispaniya shimolida joylashgan Bask o‘lkasi o‘z hukumati va keng vakolatga ega muxtor hudud hisoblanadi. Muzokarada mintaqani rivojlantirish, islohot qilish va hududlar aro sheriklik ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA