Yangi davr oliy diplomatiyasi
Davlatlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni mustahkamlash – tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi. O‘zA ushbu rukn orqali hafta davomida o‘tkazilgan oliy darajadagi diplomatik muloqotlar tafsilotini taqdim etadi.

O‘zbekiston – Hindiston
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi 29-30-avgust kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi. Tashrif davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokara o‘tkazilib, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda savdo, energetika, kimyo, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va mashinasozlik sohalarida hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi. Muzokara yakunida ikki tomonlama qator hujjatlar imzolandi.

Ozarbayjon – Armaniston
31-avgust kuni Bishkek shahrida SHHT sammiti doirasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida tinchlik jarayonini ilgari surish, savdo-iqtisodiy va energetika hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston – Pokiston
31-avgust kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuvda hududlararo va gumanitar aloqalarni rivojlantirish, Xiva shahrida Hududlararo forum o‘tkazish hamda Pokistonda O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlarini tashkil etish rejalari ilgari surildi. Shuningdek, to‘qimachilik, tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilishga kelishib olindi.

O‘zbekiston – Xitoy
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahrida, SHHT sammiti doirasida Xitoy Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarini yanada mustahkamlash, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Kelasi yil ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 35 yil to‘lishi munosabati bilan yubiley tadbirlarini o‘tkazish taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, tashqi siyosat idoralari va parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish muhimligi ta’kidlandi. O‘zbekiston “Yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Tojikiston – Eron
Kecha Bishkek shahrida SHHT Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi doirasida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, shuningdek SHHT doirasidagi aloqalar muhokama qilindi.
Energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar madaniy va ilmiy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek Yaqin Sharq va Eron atrofidagi vaziyatni muhokama qildi. Mintaqadagi mojarolarni siyosiy yo‘l bilan hal etish muhimligi ta’kidlandi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA