Yangi davr oliy diplomatiyasi
Davlatlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni mustahkamlash – tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi. O‘zA ushbu rukn orqali hafta davomida o‘tkazilgan oliy darajadagi diplomatik muloqotlarning muhim tafsilotlarini taqdim etadi.

Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin dushanba kuni Shimoliy Koreyaga davlat tashrifi bilan keldi. Uni Pxenyan xalqaro aeroportida KXDR yetakchisi Kim Chen In rasman kutib oldi.
Tashrif doirasida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama qilingan.
Ekspertlar fikricha, mazkur tashrif XXR va KXDR o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, shuningdek, Sharqiy Osiyodagi geosiyosiy jarayonlar fonida ikki o‘lka munosabatlarining yangi bosqichini belgilab berishi mumkin.

Minsk shahrida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va Gana yetakchisi Jon Dramani Maxama o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Afrika qit’asidagi hamkorlik imkoniyatlari, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohasida tajriba almashish, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.
Belarus tomoni sanoat mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish, shu bilan birga, mutaxassis kadrlar tayyorlash yo‘nalishida hamkorlikni taklif etdi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, ikki o‘lka o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olindi.

Dehlida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges bilan uchrashdi.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, xususan energetika, savdo-investitsiya, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, transport va qayta tiklanuvchi energiya sohalaridagi aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, uchrashuvda uzoq muddatli energetik sheriklikni rivojlantirish hamda muhim minerallar va tog‘-kon sanoati sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

London shahrida Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy ishtirokida yuqori darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda asosiy e’tibor Ukrainadagi hozirgi vaziyat, Yevropa xavfsizligi va uzoq muddatli tinchlik yo‘llarini izlash masalalariga qaratildi.
Tomonlar Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordamni davom ettirish, shuningdek, mudofaa sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish borasida fikr almashdilar. Shu bilan birga, Yevropa davlatlarining umumiy pozitsiyasini mustahkamlash va xalqaro maydonda muvofiq harakat qilish muhimligi ta’kidlandi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA