Yangi binoga ega mahallalar soni ko‘paymoqda
Karmana tumanida “Osiyo grand” MCHJ tomonidan davlat-xususiy sherikchilik asosida Mirsaid Bahrom mahallasi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Binoning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda tuman sektorlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahalla fuqarolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqanlar yurtimizda mahallalar faoliyatini yanada rivojlantirish, tizimda mehnat qilayotgan xodimlar uchun yaratib berilayotgan sharoitlar, aholi turmush sharoitini yaxshilash borasidagi ishlar “Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.

– Binomizning foydalanishga topshirilishi bizni juda quvontirdi, – deydi mahalla raisi Shokir Karimov. – Mahallamizdagi 503 ta xonadonda 2705 nafar aholi istiqomat qiladi. Yangi binoda xodimlarning ish olib borishi uchun barcha sharoit va qulaylik mavjud. Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan bu kabi imkoniyatlardan unumli foydalangan holda aholimizning turmush farovonligini yanada yaxshilash, ishsizlik darajasini kamaytirish uchun bor kuch-g‘ayratimizni ishga solamiz.
Tadbir ishtirokchilari “mahalla yettiligi” faoliyat ko‘rsatishi uchun binoda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri