Yangi binoda xodimlar o‘zgacha shijoat bilan ishlaydi
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi oldidan Jizzax viloyati IIB yo‘l harakati boshqarmasi Zomin tuman IIO faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Jizzax viloyati va Zomin tumani hokimliklari, ichki ishlar tizimi rahbar va xodimlari, mehnat faxriylari, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi E.Soliyev, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i general-mayor G‘.Qodirov, Zomin tuman hokimi A.Abdug‘aniyev va boshqalar so‘zga chiqdi.
Ochilish marosimida, bugun butun O‘zbekistonda mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgani, yurtimizning har bir go‘shasida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, Zomin tumani ham tanib bo‘lmas darajada katta o‘zgarishlar samarasida obod maskanga aylanib borayotgani, bularning barchasi xalq manfati, mustaqilligimiz sharofati tufayli ekanligi ta’kidlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 noyabrdagi “2020 — 2022 yillarda Jizzax viloyatining Zomin tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tumanda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, yo‘l-transport infratuzilmasi yaxshilandi, Sharq va Yevropa arxitektura va me’morchilik uslubidagi ko‘plab yangi turar-joylar, yirik inshootlar barpo etildi. Zomin bugun tanib bo‘lmas darajada o‘zgacha chiroy ochmoqda.
Tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limining 2 qavatli yangi binosi shaharcha ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishladi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan ochilish marosimida alvon bog‘ich qirqilib, ramziy kalit topshirildi. Tadbirda hozir bo‘lganlar bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.
[gallery-3045]
Mazkur binoda fuqarolarni qabul qilish va xodimlar uchun ma’naviyat va ma’rifat xonasi, kutubxona, ma’muriy xona, katta inspektor, amaliyot, dam olish, yuvinish jami 13 ta xona mavjud. Kuzatuv kameralari o‘rnatilgan, kompyuter, qattiq va yumshoq mebellar va boshqa barcha zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan.
Loyiha qiymati 2 milliard 658 million so‘mni tashkil etgan ushbu ob’ekt Qahramon Suvonov rahbarligidagi “Kristal montaj prof” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etildi.
– Zomin tumanidagi ushbu ma’muriy bino aholi va bu yerda xizmat vavzifasini o‘tayotgan xodimlarimiz uchun barcha qulayliklarga ega,. – deydi viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik H.Xolqo‘ziyev. – So‘nggi yillarda ichki ishlar organlari faoliyatida tub islohatlar amalga oshirilib, davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati sohasida xizmat qilayotgan xodimlarga jahon talablariga mos sharoit yaratish va moddiy texnik bazasini mustaxkamlash borasida ulkan ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday sharoitlarda xodimlarimiz yangi kuch, yangicha g‘ayrat bilan xizmat qilishiga ishonaman.
Bundan tashqari, shu kuni Zomin tumani yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi xodimlariga 2 dona “Neksiya-3” rusumli xizmat avtomashinasi hamda mobil post maxsus avtobusi tantanali ravishda topshirildi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA