Yangi avlod jurnalistlari
Bugun mediamaydon ijtimoiy hayotimizning shunchaki bir qismi emas, balki uning urib turgan yuragiga aylangan. Jamiyatning har bir a’zosi ertalabki uyg‘onishdan tortib kunning yakunigacha o‘z qiziqishi doirasida turli kontentlardan faol foydalanadi. Axborot oqimi shiddatli tus olgan XXI asrda teleradiojurnalistika, bosma nashrlar, internet jurnalistikasi, blogerlik, ijtimoiy media marketingi, mobilografiya hamda matbuot xizmatlari yaxlit bir tizim sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Jahon axborot maydoni jadal taraqqiyot bosqichiga chiqqan bugungi davrda auditoriya e’tiborini jalb qilish borasidagi raqobat har qachongidan ham kuchaydi. Bu esa o‘z-o‘zidan zamon talablariga javob bera oladigan, eng so‘nggi texnologiyalarni mukammal egallagan, tezkor va kreativ fikrlaydigan bo‘lajak jurnalistlarni tayyorlash masalasini kun tartibiga qo‘ymoqda. Yoshlarga sifatli ta’lim berish, nazariy va amaliy bilimlarni uyg‘unlikda olib borish davr taqozosidir.
Ayni shu muhim vazifalarni o‘z oldiga maqsad qilib belgilagan Buxoro davlat universiteti mana besh yildirki, salohiyatli va raqobarbardosh jurnalist kadrlarni yetishtirib chiqarish bilan mashg‘ul.
[gallery-30113]
Ma’lumki, 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab universitetda mutlaqo yangi yo‘nalishlar — “Bosma ommaviy axborot vositalari” hamda “Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ochilgan edi. O‘quv jarayoni mamlakatimizda ushbu soha bayroqdori hisoblangan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti olimlari tomonidan yaratilgan ilg‘or o‘quv rejalari va fan dasturlari asosida tizimli ravishda tashkil etilgan. Filologiya fakulteti o‘zbek tilshunosligi va jurnalistika kafedrasi professor-o‘qituvchilari ayni paytda 300 ga yaqin bo‘lg‘usi jurnalistlarga soha ilmidan saboq berib kelmoqda.
Universitetda talabalarning jurnalistik amaliyotiga alohida e’tibor qaratilgan. Talabalar butun semestr davomida asosiy o‘qishdan bo‘sh vaqtida viloyat, shahar va tuman gazetalari, radio hamda televideniye, shuningdek, turli vazirlik va tashkilotlarning matbuot markazlari faoliyatida bevosita ishtirok etadi. Ular shunchaki kuzatuvchi emas, balki o‘z maqolasi, ko‘rsatuv va eshittirishlari bilan chiqishlar qilib boradigan ijodkor sifatida shakllanadi.
Jurnalistika o‘ta tez rivojlanib borayotgan murakkab soha bo‘lganligi sababli, universitetda bo‘lajak mutaxassislarga ingliz va rus tillari mukammal darajada o‘rgatib kelinmoqda. Bu esa talabalarga xalqaro OAV tajribasini o‘rganish va jahon axborot makoniga dadil kirib borish imkonini bermoqda.
Shuningdek, kafedra huzurida tashkil etilgan “Jurnalistikaga ilk qadam” nomli maxsus to‘garak a’zolari hamda uning negizida o‘zining samarali faoliyatini olib borayotgan “Media-impuls” jamoasi nafaqat fakultet, universitet hayotiga oid xabar va yangiliklar, balki viloyat miqyosidagi dolzarb mavzularni ham yoritib borayotir.
Buxoro davlat universitetida shakllangan ushbu ta’lim yo‘nalishi yaqin yillarda mamlakatimiz mediamakonida o‘z so‘zi, o‘z ovozi va o‘z prinsipiga ega bo‘lgan professional jurnalistlar korpusini shakllantirishga xizmat qilishi shubhasiz. Zero, haqiqat va sifatli kontent ortidan quvib charchamaydigan yoshlar millatning ko‘zgusidir.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA