Yangi andijonliklar hasharda faol qatnashmoqda
Yurtimizda davom etayotgan umumxalq xayriya hasharida Yangi Andijon shahrida yashayotgan aholi vakillari ham faol ishtirok etmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilayotgan umumiy maydoni 4 ming gektarni tashkil etadigan Yangi Andijon shahrida hozirga qadar 2 mingdan ortiq xonadonli 80 ga yaqin ko‘p qavatli uy, 1 ming 680 o‘ringa mo‘ljallangan umumta’lim maktabi, 420 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, 250 qatnovga mo‘ljallangan oilaviy poliklinika, trikotaj korxonasi, ipoteka markazi foydalanishga topshirilgan. Umuman, mazkur hudud kundan kunga obod bo‘lib bormoqda.
[gallery-16474]
Yangi Andijon shahri hududida 1 ming 942 gektar maydonda yashil hududlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Umumxalq hashari doirasida belgilangan joylarga, qolaversa, ko‘p qavatli uylar atroflariga mevali, manzarali hamda gul ko‘chatlari ekilmoqda.
Hashar bahoriy kayfiyat, navro‘z shukuhi bilan yashayotgan yangi andijonliklar hamjihatligi va uyushqoqligini namoyon etdi. Aholi vakillari tomonidan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Katta qozonlarda polov tayyorlanib, hasharchilarga tarqatildi.
– Ahillik, jipslik bor joyda baraka, obodlik bo‘ladi, – deydi hashar ishtirokchisi Nargizaxon Sotvoldiyeva. – Xalqimizning, yurtdoshlarimizning mana shu jipsligiga aslo ko‘z tegmasin. Yaqin yillar ichida Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilayotgan Yangi Andijon shahri mamlakatimizning eng obod va go‘zal maskanlaridan biriga aylanadi.
Yangi Andijon shahri hududida hashar doirasidagi obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari davom etmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari