Yangi aloqalar – yangi imkoniyatlar
Qadimiy va betakror Samarqand zaminida Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar zamonaviy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar rivojida muhim ahamiyat kasb etdi.
Mazkur kongress doirasida 50 dan ortiq o‘zaro anglashuv memorandumi va hamkorlik shartnomasini imzolash rejalashtirilgani uning keng qamrovli va strategik ahamiyatini yaqqol namoyon etadi. Respublika oliy ta’lim muassasalari qatorida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali uchun ham “O‘zbekiston va Polsha III rektorlar forumi” doirasida olib borilgan muzokaralar samarali natija bilan yakunlandi.

Xususan, filial bilan Polshaning nufuzli oliy ta’lim muassasasi – Krakov qishloq xo‘jaligi universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv ilmiy integratsiya, akademik mobillik va innovatsion rivojlanish yo‘nalishlarida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Mazkur universitet Yevropa ilmiy-ta’lim makonida o‘ziga xos o‘rin egallagan, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni izchil rivojlantirayotgan nufuzli ilmiy markazlardan biri hisoblanadi.

Tomonlar o‘rtasida erishilgan kelishuvlar doirasida Erasmus+ dasturlari asosida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilandi. Mazkur hamkorlik talaba va professor-o‘qituvchilarning xalqaro ta’lim makoniga uyg‘un integratsiyalashuvini ta’minlash, ilmiy salohiyatni oshirish hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro muloqotda hamkorlik istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Ilm-fan va ta’lim integratsiyasini chuqurlashtirish, zamonaviy innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish hamda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalalari muhokamaning asosiy yo‘nalishlariga aylandi.
Mazkur kongress xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda global miqyosdagi dolzarb muammolarga ilmiy yechimlar ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etuvchi xalqaro ilmiy jarayon sifatida tarixda muhim voqea sifatida qayd etildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.