Yana bir dovon ortda qoldi
Chempionlikni ko‘zlab, xalqaro maydonlarda Vatan sha’nini ulug‘lashdek ezgu maqsadni amalga oshirishga intilayotgan sportchi – baland cho‘qqini mo‘ljal olib, safarga chiqqan yo‘lovchiga o‘xshaydi.
Chempionlikni ko‘zlab, xalqaro maydonlarda Vatan sha’nini ulug‘lashdek ezgu maqsadni amalga oshirishga intilayotgan sportchi – baland cho‘qqini mo‘ljal olib, safarga chiqqan yo‘lovchiga o‘xshaydi.Yo‘l mashaqqatlari (kun-tun tinim bilmay bajarilgan mashg‘ulotlar) uning uchun to‘sqinlik qilolmaydi. Aksincha, shu qiyinchiliklarni yengib o‘tib, ko‘zlagan manzili sari dadil qadam tashlayveradi.
...Qatar poytaxti Doxa shahrida erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazildi. Yigirmadan ziyod davlatdan 200 nafardan ortiq tajribali polvon jam bo‘lgan nufuzli musobaqada muxlislar, murabbiylar “kim g‘olib bo‘lar ekan?” deya bellashuvlarni diqqat va hayajon bilan kuzatdi.
Yunon-rum kurashi bo‘yicha vazni 59 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar gilamga chaqirildi. Hakamning jarangdor ovozi “Elmurod Tasmurodov, O‘zbekiston”, deya chorladi. Elmurod shiddatli bahslarda xitoylik Kie Tiyanni, yarim finalda yaponiyalik Shinobu Otani, hal qiluvchi bellashuvda KXDR vakili Von-Chol Yuni mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Muzaffar sportchimiz sharafiga davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi.
Elmurodning g‘alabasi jamoadoshlarini ruhlantirib yubordi. Vazni 85 kilogrammgacha bo‘lgan yunon-rum kurashi ustalari bahsida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Rustam Assakalov ham barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, Osiyo chempioni bo‘ldi. U final bellashuvida qozog‘istonlik Nursulton Tursunov ustidan g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Hamyurtlarimizdan Nurbek Xolmuhammadov, Dilshod Turdiyev va Jonibek Otabekov o‘z vazn toifasida uchinchi o‘rinni egalladi.
Chempionatning erkin kurash bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarida ham hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli qatnashib, bitta oltin va uchta bronza medalni qo‘lga kiritgan edi. Vazni 70 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida hamyurtimiz Bekzod Abdurahmonov oltin, o‘z vazn toifasida Rashid Qurbonov, Ruslan Pliyev va Umidjon Ismanov bronza medal bilan taqdirlangan edi.
Osiyo chempionatida uchta oltin va oltita bronza medalni qo‘lga kiritgan terma jamoamiz a’zolari – bugun ko‘ksini medallar bezab turgan polvonlarimizning Olimpiada cho‘qqisini zabt etishdek katta orzulari bor. Bu orzuga yetishish uchun yana ko‘plab musobaqalarda qatnashib, o‘zini jismonan va ruhan toblashi, tajriba orttirishi zarur. Qatarda o‘tkazilgan qit’a chempionati esa ular uchun cho‘qqi sari olib boradigan yo‘ldagi bir dovondir. Ular bu dovonni ortda qoldirib, manzil sari dadil yurishda davom etishi shubhasiz.