Yana axborot xavfsizligi haqida
Koronavirus pandemiyasi sayyoramizdagi milliardlab insonlarning hayot tarzini oʻzgartirdi.
Koronavirus pandemiyasi sayyoramizdagi milliardlab insonlarning hayot tarzini oʻzgartirdi.
Ekspertlarning taʼkidlashicha, COVID-19 ustidan gʻalaba qozonilgan taqdirda ham dunyo boshqacha boʻladi, hayotimiz pandemiyadan “oldingi” va “keyingi”ga boʻlinadi.
Iqtisodiyot, normal ijtimoiy hayot va u bilan bogʻliq global, mintaqaviy va ikki tomonlama siyosiy jarayonlarni tiklash uchun qancha vaqt ketishi toʻgʻrisida turlicha fikrlar bildirilmoqda.
Insoniyat bunday sharoitda, bu kabi jiddiy muammo qarshisida globallashuv, xalqaro hamkorlikning yuzaga kelgan shakllari ikkinchi oʻringa tushib qolganining guvohi boʻldi. Amaliyot har bir davlat oʻz imkoniyatlariga tayanib, faqat zarur hollardagina tashqi yordam olib va boshqa mamlakatlar tajribasidan foydalangan holda mustaqil ravishda omon qolishi – qiyinchiliklarni yengishning eng samarali yoʻli ekanini koʻrsatdi.
Bu holat muqarrar ravishda ichki va tashqi bozorlarda raqobatning kuchayishiga, fuqarolarning ijtimoiy farovonligini taʼminlash uchun investitsiyalar va yangi texnologiyalarni jalb etish, turli xil kataklizmalarning oldini olish uchun sabab boʻladi.
Hozirgi tendensiyalar, shuningdek, odamlarning ruhiy kayfiyatiga ham jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Olimlar va ekspertlarning ishonchli vaksinalar yoʻqligi sharoitida COVID-19, uning paydo boʻlishi, unga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi bir-biriga zid fikrlari insonlarda ertangi kunga nisbatan ishonchsizlik, oʻzi va yaqinlari taqdiridan xavotirlanish hissini uygʻotmoqda, koʻplab mish-mishlar va uydirmalarning paydo boʻlishiga zamin yaratmoqda.
Oʻz navbatida, bu u yoki bu mamlakatda mazkur vaziyatni izdan chiqarish boʻyicha turli buzgʻunchi kuchlarning faoliyatiga keng yoʻl ochib bermoqda.
Masalan, AQSH va Yevropadagi ayrim kuchli mamlakatlar ham politsiya xodimi tomonidan afroamerikalikning oʻldirilishi oqibatida yuzaga kelgan butun shaharlarning bosib olinishi va qirgʻinlar uyushtirilishi oldida nochor va tartibsiz holatga tushib qoldilar.
Bu ijtimoiy tarmoqlar baʼzi sharoitlarda qanday buzgʻunchi kuchga aylanishi mumkinligini koʻrsatadi.
Maʼlumki, internet bir qancha afzalliklari bilan birga tobora dunyo miqyosida kloakaga (tuynuk) aylanib bormoqda. Unda har kim texnologik abjirlik bilan tarmoqqa oʻzi istagan narsasini joylashtirishi mumkin.
Afsuski, ushbu tendensiyalar u yoki bu darajada bizning Oʻzbekistonimizga ham daxl qila boshladi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizga, hukumat qarorlari, markaziy va mahalliy hokimiyat idoralariga nisbatan qarshi hujumlar sezilarli darajada oshdi. Ular ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalangan va koʻp sonli internet saytlaridan tarqatgan holda, mamlakatimizdagi haqiqiy vaziyatni qoralash uchun har qanday imkoniyatdan foydalanishmoqda.
Oʻz vaqtida mamlakatimizdan chiqib ketgan va 20-30 yillar davomida xorijiy davlatlarda yashagan “muxolifatchilar” shunday iflos ish bilan shugʻullanishmoqda.
Xalqimiz “Chumchuq soʻysayam, qassob soʻysin”, deb bejizga aytmaydi. Istiqlolning dastlabki yillarida eng ogʻir sharoitlarda Oʻzbekiston siyosiy suverenitetga, iqtisodiy tizimga ega yangi davlatchilikni barpo etishga, til, tarix va madaniy qadriyatlar bilan bogʻliq dolzarb muammolarni hal qilishga, oʻzbeklarning toptalgan milliy qadr-qimmatini tiklashga muvaffaq boʻldi.
Ha, bosib oʻtilgan yoʻlda xatolar ham boʻldi. Lekin bu butun bosib oʻtilgan davrni tanqid ostiga olish kerak, degani emasku.
Savol tugʻiladi: bugun xorijda yashirinib yotgan “siyosiy bankrotlar” internetda oʻz tuhmatlari bilan kimning manfaatlariga xizmat qilishmoqda.
Hozirgi kunda Oʻzbekiston rahbariyati keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirmoqda, ularning muvaffaqiyati jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Masalan, bizning oʻzimiz, hech kimning taziyqisiz mamlakatda qashshoqlik muammosini ochiqchasiga eʼtirof etdik va unga qarshi kurashish boʻyicha Davlat dasturini amalga oshirayapmiz, ana shu maqsadda tegishli vazirlik tashkil etdik. Bu dunyoda oʻxshashi boʻlmagan noyob tajribadir.
Mamlakatimiz aholisining har yili 600 ming nafarga oʻsishini eʼtiborga olgan holda, millionlab yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha saʼy-harakatlar qilinmoqda. Milliardlab dollar xorijiy investitsiyalar, eng ilgʻor texnologiyalar jalb etilmoqda. Minglab yangi, zamonaviy korxonalar tashkil etilib, ularda yoshlarimiz va xotin-qizlar mehnat qilishmoqda.
Shunday sharoitda turli arboblarning igʻvolari va taʼnalari bu ishlarga xalaqit beradi. Shu bois, har qanday sarmoyador biror bir mamlakatga pul yoki yangi texnologiyalarni kiritishdan oldin u yerdagi ahvolni oʻrganadi, mumkin boʻlgan xavflarni bartaraf etish uchun turli manbalarga murojaat qiladi.
Shunday qilib, bu kabi insonlar goʻyo vatanparvarlik va xalq manfaatlari yoʻlida jonbozlik qilish haqida baland ovozda gapirib, oʻzlarining tarixiy Vatanlari manfaatlariga qarshi ishlashmoqda. Kimdir hukumatni yoqtirmasligi mumkin, biroq xalqning hayotiy qiziqishlariga buning nima aloqasi bor?
Chet eldagi tanqidchi “muxolifatchilar” ishlab berilishi kerak boʻlgan nafaqa va grantlar hisobiga yashashmoqda.
Xalqaro valyuta fondi va Jahon banki singari nufuzli tuzilmalarning bergan baholariga koʻra, Oʻzbekiston pandemiya sharoitida ham 2020-yilni yalpi ichki mahsulotni 1,5 baravarga oʻstirish bilan yakunlaydigan sanoqli mamlakatlardan biri hisoblanadi.
Jahon bozorlarini allaqachon boʻlib olgan va hatto eng ilgʻor mamlakatlarga ham oʻz shartlarini qoʻyadigan xalqaro transmilliy korporatsiyalarga Oʻzbekiston sifatli, raqobatbardosh mahsulotga ega boʻlgan va xalqaro bozorlarga chiqayotgan rivojlangan mamlakat sifatida emas, faqat xomashyo yetkazib beruvchi sifatida kerak xolos. Ushbu korporatsiyalar oʻzlarining koʻp sonli tuzilmalari, masalan, xayriya va taʼlim jamgʻarmalari orqali dunyo kiber maydonida ularning manfaatlariga axboriy jihatdan xizmat qiladiganlarni moliyalashtirish orqali oʻzlari uchun foydali sharoitni yarata oladilar.
Ushbu mantiqdan quyidagi xulosa chiqadi: bizning xatolarimizni “fosh qiluvchilar” buni oʻzlari tan oladilarmi yoki yoʻqmi, ular demokratiya, soʻz erkinligi, inson huquqlarini himoya qilish kabi goʻzal shiorlar ostida yashiringan holda, begona mamlakatda yana-da yaxshiroq yashash maqsadida jadal rivojlanayotgan Oʻzbekistonning dushmanlariga xizmat qilishmoqda.
Boshqacha aytganda, bir klassik arbob aytganidek, har bir harakat yoki soʻzning ortida kimningdir muayyan iqtisodiy manfaati yotadi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi barcha salbiy axborotlar oqimi faqat mamlakatimiz tashqarisidan kelib tushmoqda, deb hisoblash notoʻgʻridir.
Mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan demokratlashtirish jarayonida, OAV taqiqlari va senzura zanjirlaridan sezilarli darajada xalos boʻlishlik, internet-saytlarni bloklashning toʻxtatilishidan foydalangan holda, koʻplab blogerlar va “trollar” paydo boʻldi. Ularning aksariyati islohotlar jarayonini qizgʻin muhokama qilishmoqda, kamchiliklarni mutlaqo odil tanqid ostiga olishmoqda va ularni bartaraf etish boʻyicha konstruktiv takliflarni bildirishmoqda.
Biroq ular orasida badxohlar ham yoʻq emas. Ularning saʼy-harakatlari bilan har qanday kesilgan daraxt, buzilgan bino, hokimlarning noqonuniy qarorlari barchani va hamma narsani qattiq tanqid qilgan holda, hukumatga qarshi qaratilgan mutlaqo noxolis xulosalar va hujumlar bilan ulkan muammoga aylanadi.
Oʻzbekistondagi voqealarni muayyan buyurtma asosida, gʻarazli yoritish boʻyicha yuqoridagi keltirilgan barcha masalalar tobora kuchayib bormoqda.
Ayni paytda bu yoʻnalishda ishlaydigan rasmiy tuzilmalar tomonidan shunga oʻxshash javob qaytarilmayapti. Mamnunlik va xotirjamlik kuzatilmoqda. Hamma mamlakatimizda yuz berayotgan keng koʻlamli islohotlarni, barcha sohalardagi ulkan oʻzgarishlarni shundoq ham koʻrib turibdi.
Ayrim mansabdor shaxslar mashhur “it hurar, karvon oʻtar” mataliga rioya qilgan holda, soxta axboriy hujumlardan oʻzlarini chetga olmoqdalar.
Obrazli qilib aytganda, haqiqatan ham karvon oʻtmoqda, biroq itlar jazolanmasliklarini va munosib javob yoʻqligini his etib, tuyalarni yana ham qattiqroq tishlashmoqda, yaqinda esa, podachilarga ham yetib olishlari mumkin...
Bizning islohotlarimizni nafaqat amalga oshirish, balki shuningdek, tushunarli tarzda izohlash, zarur hollarda diskreditatsiya va gʻalamis hujumlardan qatʼiy himoya qilish kerakka oʻxshaydi.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda 20 milliondan ortiq kishi internetdan foydalanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda asosan, yoshlar, navqiron avlod vakillari oʻtirishadi. Buzgʻunchi markazlarning, gʻoyaviy dushmanlarning saʼy-harakatlari aynan ana shu auditoriyaga qaratilgan.
Biz salbiy axborot, turli soxta maʼlumotlar – insonlar, ayniqsa, kibermakonda doim oʻtiradigan yoshlarning ongini asta-sekin yemiradigan zahar ekanini anglab yetmogʻimiz lozim.
Yetuk dunyoqarash va qatʼiy hayotiy pozitsiyaga ega boʻlmagan yoshlar hamisha ham oq-qorani ajrata olishmaydi. Bundan tashqari, yosh avlodga maqsadli taʼsir oʻtkazish ishi bilan havaskorlar emas, turli “rangli inqiloblar”, “sariq jiletkalar” harakatlari va davlatga qarshi qaratilgan boshqa aksiyalar uchun zamin yaratadigan mohir polittexnologlar shugʻullanadilar.
Oʻzbekiston haqidagi salbiy maqolalarga jiddiy qarash kerak. Chunki ularning tashabbuskorlari soʻnggi toʻrt yilda mamlakatimizda barcha yoʻnalishlar boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilgani haqidagi haqiqatga ataylab eʼtibor berishmayapti.
Buning oʻrniga, keng koʻlamli islohotlar jarayonida mavjud boʻlishi muqarrar boʻlgan u yoki bu masalalar yuzasidan aniq xato va kamchiliklar tanlab olinib, shov-shuv koʻtarilmoqda.
Bu mamlakatimizning axborot xavfsizligini buzish, xalqimiz va jahon hamjamiyati oldida uning ichki va tashqi siyosatini obroʻsizlantirish boʻyicha maqsadli ishlarni olib boradigan kuchlar borligining yaqqol dalilidir. Bu Oʻzbekistonning imiji, uning investitsiyaviy va sayyohlik jozibadorligiga maʼlum darajada taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Biz nima uchundir soʻnggi yillarda erishgan yutuqlarimiz haqida gapirishdan uyalamiz. Axir davlatimiz rahbariyati tomonidan qabul qilinayotgan strategik qarorlar MDH miqyosida hamkorlarimiz tomonidan diqqat bilan oʻrganilmoqda.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bizning tajribamiz tobora koʻproq oʻzlashtirilmoqda. Biroq bu gʻoyalar muallifiga havola qilinmasdan, oʻz talqinicha foydalanilmoqda.
Ilgari ham aytilgan, yana bir karra takrorlanishi kerak boʻlgan formulani aytmoqchiman: Oʻzbekistondagi islohotlar qanchalik muvaffaqiyatli boʻlsa, ular shunchalik koʻp hujumga uchraydi. Maqsad – qanday boʻlsa ham bizning jadal taraqqiyotimizni toʻxtatib turish.
Afsuski, amalga oshirilayotgan buzgʻunchi aksiyalar va axboriy hujumlarga nisbatan hamisha ham munosib javob qaytarilmayapti.
Ilmiy-ekspertlar doiralari vakillari, ziyolilar sukut saqlashmoqda. Davlat tuzilmalari xodimlari tomonidan bu tuhmatlarga qarshi izchil javob qaytarish sezilmayapti.
Tashqi siyosiy targʻibot oqsoqlanmoqda, asosiy eʼtibor oldingidek, faqat ichki auditoriyaga qaratilgan. Telebahslardagi ishtirokchilarning aksariyati savodli suhbat olib borishni bilishmaydi, siyqasi chiqqan hammaga maʼlum haqiqatlarni bayon qilishadi.
Shunday qilib, Oʻzbekiston Respublikasining axborot xavfsizligining maqsadli tizimini yaratish boʻyicha qatʼiy zaruriyat paydo boʻldi.
Eʼtiborli jihati shundaki, bunday ehtiyoj haqida gap boshlanishi bilan shu zahotiyoq, yollangan xorij OAVda soʻz erkinligi, oshkoralikni himoya qilish, ijtimoiy tarmoqlarni cheklash, internet-saytlar faoliyatiga aralashuvni taqiqlash haqida maqolalar paydo boʻladi.
Ayni paytda AQSH, Xitoy, Rossiya va boshqa yetakchi davlatlardagi holat oʻrganilganda, zarur hollarda hukumat blogerlarning tuhmatlari, gʻalamis harakatlariga qatʼiy chek qoʻyadilar va bunda nohukumat tashkilotlarning javoblariga eʼtibor qaratmaydilar ham.
Zamonaviy texnologiyalar asrida axborot maydoni – katta biznes uchun imkoniyatlarga ega boʻlgan yana bir yangi bozordir. Har bir biznesda boʻlgani kabi bu yerda ham loyqalangan suvda oʻz baligʻini tutib olish niyatida boʻlgan turli firibgarlar boʻladi.
Oʻzini muxolif deb bilganlar, jumladan, oʻzbeklar ham katta siyosiy kombinatsiyalarda ulardan foydalanishayotganini bilmasliklari mumkin. Va qandaydir demokratik oʻzgarishlar haqidagi behuda gaplar ham demokratiyaning asl maqsadlaridan uzoqdir.
Shoqosim SHOISLOMOV,
siyosatshunos.