"Yakshanba" filmi yana g‘olib
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga ko‘ra yosh kinorejissyor Shokir Xoliqov tomonidan suratga olingan “Yakshanba” filmi bir qator xalqaro festivallarda sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lgan.
Ushbu to‘liq metrajli badiiy film rejissyori Shokir Xoliqov Hindiston xalqaro kinofestivalida (International Film Festival of India) “Eng yaxshi rejissyor” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
“Yakshanba” kinokartinasi esa mazkur xalqaro festivalda “Osiyoning eng yaxshi filmi” deb topildi.
Shuni aytish kerakki, “Yakshanba” badiiy filmi XV Toshkent xalqaro kinofestivalining Markaziy Osiyo filmlari tanlovida “Eng yaxshi film”, Shanxay xalqaro kinofestivalida "Osiyoning yangi iqtidorlari" nominatsiyalarida g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, Qirg‘izistondagi xalqaro kinofestivalda Gran-pri sovrinini qo‘lga kiritgan.
Bundan tashqari "Yakshanba" kartinasi Osiyodagi eng yaxshi filmlarni aniqlash va ularni mukofotlash loyihasida ham taqdirlangan edi.
Xulosa qilib aytganda, 2023 yil Kinematografiya agentligi va barcha kinoijodkorlar uchun juda muvaffaqiyatli yil bo‘ldi. Sababi xalqaro mukofotlar o‘zbek kinoijodkorlarida borgan sari ko‘paymoqda.
Kinematografiya agentligi axborot xizmatiga ko‘ra, 2019 yilda 7 ta xalqaro mukofot, 2020 yilda 5 ta, 2021 yilda 14 ta mukofot olingan. O‘tgan 2022 yilda esa kinoijodkorlarimiz 18 ta xalqaro kinofestivalda ishtirok etib, 29 ta, 2023 yilda esa 28 ta xalqaro tadbirlarda ishtirok etib, 55 ta xalqaro mukofotlarni ko‘lga kiritdi.
N.Usmonova,
O‘zA