Yakkasaroyda “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” bo‘lib o‘tdi
Ishsizlikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish yo‘lida muhim qadam tashlandi. Fuqarolar va ish beruvchilarni birlashtirgan tadbir orqali yangi imkoniyatlar yaratildi.
Yurtimizda Prezident tashabbuslari asosida aholi uchun manfaatli bo‘lgan qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Shunday tashabbuslardan biri mehnat bozorida shaffoflikni ta’minlash, ishsiz aholini munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlashdir. Buning natijasida kambag‘allik sezilarli darajada qisqarib bormoqda.

Ana shunday islohotlarning mantiqiy davomi o‘laroq, Yakkasaroy tuman hokimligi va Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi hamkorligida aholi bandligini ta’minlash, ish izlayotgan fuqarolarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash hamda ish beruvchilar bilan bevosita muloqot maydonini yaratish maqsadida “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” tashkil etildi.

Yarmarkada tuman mas’ullari, tashkilot va korxona rahbarlari, ish beruvchilar hamda tumanda istiqomat qiluvchi ish izlayotgan fuqarolar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida fuqarolarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari va ishga joylashish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ish beruvchilar bilan yuzma-yuz suhbatlar tashkil etilib, fuqarolarning kasbi, tajribasi va qiziqishlaridan kelib chiqqan holda munosib ish o‘rinlari taklif etildi.
Ta’kidlash kerakki, bu kabi yarmarkalar aholi bandligini oshirish, fuqarolarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish hamda ish beruvchi va ish izlovchilar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Sherbek Islomov, O‘zA