Yagona sud amaliyoti: tajriba va samara
Buxoro viloyat sudida O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual, Fuqarolik protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar mazmun-mohiyatini tushuntirish, sudlar tomonidan sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini ko‘rishda yagona sud amaliyotini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Buxoro viloyati sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi S.Abdurasulov, Buxoro viloyati sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi N.Fayziyev, Buxoro viloyat ma’muriy sudi sudsi D.Choriyev hamda iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy sudlarning sudyalari, shuningdek, Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasi, Markaziy bankning viloyat Bosh boshqarmasi, Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi, Buxoro viloyat adliya boshqarmasi xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida so‘zga chiqqan Buxoro viloyat sudining sudyalari S.Kushshayev, Sh. Abbosov, Buxoro viloyat ma’muriy sudining sudyasi D.Choriyev fuqarolik, iqtisodiy protsessual, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarga kiritilgan o‘zgartirishlar va ularning mazmun-mohiyati yuzasidan ma’ruza qildi.
Milliy qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra endilikda sudlar tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berildi.

Taraflarning xohishiga ko‘ra, sud qarori ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat (protest) berilishi, belgilangan muddat o‘tgandan so‘ng kassatsiya tartibida shikoyat keltirilishi mumkin. Bu tartib taraflarning sud qarorlari ustidan shikoyat keltirish huquqi orqali odil sudlovga erishish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasining qarori ustidan shikoyat berish masalasida yangi institut – sud ishlarini taftish tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilgani ham ahamiyatlidir.

Seminar davomida qonun mazmun-mohiyati eski va yangi joriy etilayotgan amaliyotlar misolida, aniq misollar bilan tushuntirib o‘tildi. Shuningdek, tadbirda ishtirok etayotgan seminar qatnashchilarining fikrlari eshitilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
O‘zA