XXI asr – elektr energiyasi asri
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi O‘zbekiston ravnaqi va aholi farovon hayotini ta’minlash, bu borada 2021 yilda amalga oshiriladigan ishlarning muhim huquqiy dasturidir.
Unda davlatimiz rahbari elektr energiyasi, gaz, qimmatbaho metallar, mineral o‘g‘itlar, transport xizmatlari kabi yo‘nalishlarda monopol bozorlar mavjudligi hamda bunda yechimini kutayotgan muammolar mavjudligiga alohida urg‘u berdi.
– Iqtisodiy faollik va aholi daromadlari o‘sgani sayin, energiya resurslariga bo‘lgan talab ortib boradi. Shuning uchun neft-gaz va energetika sohalaridagi islohotlarni va boshlangan yirik loyihalarni yakuniga yetkazishimiz lozim. Jumladan, 2021 yilda davlat va xususiy elektr stansiyalari hamda iste’molchilar o‘rtasida elektr energiyasi ulgurji bozorini shakllantirish boshlanadi.
Shuningdek, tabiiy gaz ta’minotida monopoliyani bekor qilib, bozor mexanizmlarini joriy etamiz. Bunda ishlab chiqaruvchi va importyorlarga birja orqali tabiiy gazni sotish, ulgurji iste’molchilar esa gazni sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. “O‘ztransgaz” kompaniyasi esa faqat gazni transportirovka qiladi. Suyultirilgan gaz bozorida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida uning importiga o‘rnatilgan bojlar bekor qilinadi, – dedi Prezidentimiz.
bugungi kunda yurtimizda neft-gaz va energetika sohasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Kundan-kunga energiya resurslariga bo‘lgan talab ortib borayotganiga har birimiz guvoh bo‘lmoqdamiz. Aholining bu manbaga talabi oshmoqda. Iste’molchilarning yangi g‘oyalari va amalga oshirayotgan loyihalari sohani tubdan isloh qilishga undamoqda. Shu sababli bugungi kunda qancha ko‘p elektr energiya ishlab chiqarmaylik, unga talab yanada oshmoqda. Murojaatnoma belgilangan ustuvor vazifalar ana shunday talab va muammolarni yechishga xizmat qiladi.
Nufuzli ekspertlar tomonidan XXI asr – Elektr energiyasi asri, deya ta’kidlanmoqda. Bunga asosiy sabab esa dunyo iqtisodiyotida elektr energiyasiga bo‘lgan talabning tobora ortib borayotganidir. Energiya resurslar, ayniqsa, elektr energiyasi iste’moli o‘sib borayotgani keyingi yillarda texnologiyalarning rivojlanishi, iqtisodiyot va ishlab chiqarish tarmoqlari, qolaversa aholi soni ko‘payishi hamda turmush farovonligi yaxshilanib borayotgani bilan bog‘liq bo‘lmoqda.
Murojaatnomada mamlakatmizda energetika tarmog‘ini rivojlantirish borasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, davlatimiz rahbari 130 ming kilometr uzunlikdagi past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 40 mingdan ortiq transformatorni bosqichma-bosqich yangilash dasturini kelgusi yil 1 aprelga qadar tasdiqlash hamda amaliyotga tatbiq etish borasida ko‘rsatma berdi. Bunday uzoq muddatga mo‘ljallangan hamda keng qamrovli ishlarning amalga oshirilishi chekka hududlarimizda elektr energiyasi bilan vujudga kelayotgan muammolarni hal qilishda muhim o‘rin tutadi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari orqali o‘tgan yillar mobaynida minglab hududlarda elektr ta’minoti yaxshilangan edi. Endilikda ushbu dasturlarni respublika va mahalliy byudjetlar tomonidan teng ulushlarda moliyalashtirish rejalashtirilayotgani ham sohada olib borilayotgan islohatlarni tez fursatlarda amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi.
Murojaatnomada ko‘rsatilgan har bir vazifa Energetika vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar, xususan, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirish uchun barcha chora-tadbirlar amalga oshirilib, xalqimiz ehtiyojini qondirishga harakat qilamiz.
Ro‘ziqul RAYIMOV,
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari.
O‘zA