XX asrning eng hashamatli avtomashinalari. Ular qanday ko‘rinishda bo‘lgan? (+Video)
XX asrning eng lyuks avtomashinalari. Poytaxtimizdagi Politexnika muzeyida namoyishga qo‘yilgan ana shunday avtomashinalar o‘tgan asrning eng hashamdor mashinalari hisoblanadi. Ular asosan o‘z davrining amaldorlariga, yuqori martabali mehmonlarga xizmat qilgan. Shuningdek, o‘ziga to‘q, boy insonlar foydalangan.
Bu haqda to‘liq ma’lumot olish uchun muzey xodimiga yuzlanamiz.

— CHAYKA GAZ-13 — ushbu avtomobil sobiq Sovet Ittifoqi hududida ishlab chiqarilgan hashamatli avtomobil hisoblanadi, — deydi Toshkent Politexnika muzeyi ekskursovodi Mahmud Sodiqov. — Uning tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1940 yillar oxiri — 50-yillar boshlarida o‘sha davr uchun xos bo‘lgan zamonaviy lyuks avtomobil yaratish harakatlari asosida CHAYKA GAZ-13ning ilk chizmalari yaratildi. Ilk prototiplar sinovdan o‘tkazilgach, CHAYKA GAZ-13 avtomobilini 1959 yildan boshlab ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ammo o‘sha paytda sotuvga qo‘yilmagan. Chunki avtomobilni ishlab chiqarishdan asosiy maqsad hukumatda faoliyat yurituvchi shaxslar, vazirlar, ularning o‘rinbosarlari hamda xorijdan kelgan yuqori martabali mehmonlarga xizmat qilishini ta’minlash bo‘lgan. Yoshi kattalar yaxshi eslashadi — ma’lum vaqt davomida ushbu avtomobil to‘y kortejlarida ham foydalanilgan.
Shuni aytish kerakki, juda kamdan-kam holatlarda shaxsiy CHAYKA GAZ-13 avtomobillari mavjud bo‘lgan. Masalan, ilk kosmonavt Yuriy Gagarin kosmosga parvozidan so‘ng ushbu CHAYKA GAZ-13 avtomobili bilan taqdirlangan.

Texnik xususiyatlari: avtomobil 175 ot kuchiga ega, soatiga 180 km tezlikda harakatlanadigan bu avtomobil o‘sha davr uchun juda katta yangilik hisoblangan avtomat uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Avtomobil saloni juda keng, uzunligi 580 santimetrdan iborat. Jami 3 ming 420 ta nusxada ishlab chiqarilgan.
1970 yillar oxiridan ushbu avtomobilning keyingi modifikatsiyasi, ya’ni CHAYKA GAZ-14 avtomobillari yaratilgan. Bu ancha takomillashtirilgan variant bo‘lgan. Avtomobil quvvati 220 ot kuchiga teng dvigatel bilan jihozlangan. Soatiga 200 km tezlikkacha harakatlangan. Qulayliklari sifatida avtomat quti bilan birga, konditsioner bilan ham jihozlangan. Bu avtomobilni bemalol Limuzin avtomobillar kategoriyasiga kiritishimiz mumkin. Chunki uning uzunligi 610 santimetrdan iborat. Shuning uchun ham avtomobilning ikkinchi yon oynasi sal oldinroqqa o‘rnatilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/OlHW1BX12To" title="XX asrning eng hashamatli mashinalari. Ular qanday ko‘rinishda bo‘lgan?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Ushbu CHAYKA noyobligi bilan ilk CHAYKAdan farq qiladi. Ya’ni, ushbu model konveyerda emas, doim qo‘lda yig‘ilgan. Shu bois, bor-yo‘g‘i, 1 ming 120 ta nusxada ishlab chiqarilgan. CHAYKA modelidagi avtomobillar 1988 yilgacha ishlab chiqarilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, o‘sha paytlarda mamlakatimizni uzoq yillar davomida boshqargan siyosatchi, davlat arbobi Sharof Rashidov CHAYKA GAZ-13 va CHAYKA GAZ-14 avtomobillaridan foydalangan.
Muhtarama Komilova, Nishon Abduvoitov (video), O‘zA