Xususiy mulkning ishonchli kafolati ta’minlanadi
Konstitutsiyaga o‘zgartish va takliflar kiritish jarayonlarida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlarida ko‘pchilik aslida Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish vaqti kelgani, uning qator modda, bandlari bugungi jamiyat hamda hayot qonunlariga mos kelmay qolganini anglab yetdi.
Bundan tashqari, eng avvalo, bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayoni o‘zining kulminatsion nuqtasiga yaqinlashib turibdi.
Bunda barcha davlat loyihalarining mantiqiy yakuni 2030 yilgacha belgilab qo‘yilgan.
Bu raqamlashtirish masalasida ham, energoresurslar bilan mamlakat aholisini to‘liq ta’minlash masalasi, kambag‘allikka to‘liq barham berish, aholi daromadlarini yuqori darajaga ko‘tarish masalasi, Orol muammosini hal qilish va boshqa masalalarda ham qotib qolgan muammolarning yechimi borasida o‘z aksini topgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan “xususiy mulksiz, uning ishonchli kafolatisiz kuchli ijtimoiy davlatni qurib bo‘lmasligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, Bosh qomusimizda xususiy mulk himoyasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirish, katta-kichikligidan qat’iy nazar, har bir tadbirkor doimo davlat, Konstitutsiya, qonunlar hamda Prezident himoyasida turishi lozimligi qayd etildi.
Asosiy qonunimizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni bildirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan ko‘pgina tadbirlar jarayonida O’zLiDePning asosiy elektorati hisoblangan tadbirkorlar, kichik biznes, xususiy mulk egalari tomonidan xususiy mulk daxlsizligini Asosiy Qonunimizda qat’iy belgilash, xususiy mulk daxlsizligi kafolatini kuchaytirish borasidagi ko‘plab takliflar bayon etilgan edi. O’zLiDeP dasturiy vazifalarida bu borada ham tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, tegishli tartib-taomillarni takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mulkdor sud qarorisiz, o‘zining roziligisiz, adolatli tovon pulisiz, mulkidan mahrum etilmasligi, shu bilan birga, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqmaslik hamda bekor qilmaslik masalasini ham konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilab qo‘yilishining alohida ta’kidlanganligi ayni muddao bo‘ldi. Mazkur normalar tadbirkorlikni kengroq rivojlanishiga, ularning faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan holatlarning oldini olishga xizmat qilibgina qolmay, mamlakat iqtisodiyoti o‘sishiga, aholi farovonligining oshishiga xizmat qiladi.
Halim Safarov,
“Yevrosnar” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati