Xususiy mulkning huquqiy kafolati
Qashqadaryo viloyatida 16 ming 557 kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Ish bilan band bo‘lgan aholining 77,9 foizi shu sohada mehnat qilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida 16 ming 557 kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Ish bilan band bo‘lgan aholining 77,9 foizi shu sohada mehnat qilmoqda.
Ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilayotgan qulay sharoit va imkoniyatlar samarasida viloyat yalpi hududiy mahsulotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 51,5 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarishda 16,9 foizga o‘sdi.
Kichik korxonalar tomonidan 2008-yilda 339,7 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2014-yilda bu ko‘rsatkich 1,1 trillion so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, kichik korxonalar tomonidan keyingi yetti yilda qurilish ishlari hajmi 7,4, chakana savdo aylanmasi 5,3, aholiga pullik xizmat ko‘rsatish 4,1-martaga oshdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 1 trillion 712 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi.
Viloyatda haftada bir marta tashkil etilayotgan “Tadbirkorlar kuni” tadbirlarida tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar va ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilib boriladi. Tadbirkorlarning huquqini himoya qilish, faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, davlatimiz tomonidan sohani yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida har oyda bir marta hokimlar, bank, soliq, nazorat qiluvchi idoralar, yer berish, statistika va huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga hisobot berish tartibi joriy etilgani ham soha rivojida muhim ahamiyat kasb etayotir.
Qarshida “2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturini hayotga tatbiq etishda huquqni muhofaza qilish organlarining roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” mavzusida o‘tkazilgan konferensiya-seminarda bu alohida ta’kidlandi.
Tadbirda Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyati, sohani rivojlantirishda galdagi vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Huquqni muhofaza qilish idoralari, nazorat qiluvchi va sud organlari vakillari, tadbirkor hamda fermerlar ishtirok etgan tadbirda tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquq va kafolatlari, xususiy mulkning huquqiy himoyasini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini, yangi qonunchilik me’yorlari amaliyotga tatbiq etilishida sud organlarining o‘rnini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, ro‘yxatga olish, ruxsat berish va litsenziyalash tartiblarini qisqartirish, soliq va bank operatsiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri M.Ikromov, Qashqadaryo viloyati prokurori S.Samadov va boshqalar xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotimizdagi o‘rnini mustahkamlash, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarga barham berish, soha vakillarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini izchil oshirib borish uchun yanada qulay iqtisodiy, huquqiy sharoit hamda rag‘batlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar takomillashtirilayotganini ta’kidladi.
– Korxonamiz tabiiy meva sharbatlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – deydi Kitob tumanidagi “Sevaz Androniks” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Alisher Boyqorayev. – Prezidentimizning joriy yil 15-maydagi farmoni tadbirkorlarga yangi imkoniyatlar yaratdi. Xususan, farmonni ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan qonun biz, xususiy tadbirkorlar uchun o‘z biznesimizni bexavotir yuritish, o‘z mulkimizga o‘zimiz egalik qilishimiz uchun muhim kafolatlarga ega bo‘lish imkonini berdi. Ilgari tadbirkor faoliyatiga asossiz aralashuvlar yoki faoliyatini noqonuniy to‘xtatib qo‘yish, hujjatlarni rasmiylashtirishga ketadigan vaqt va ortiqcha xarajatlar bilan bog‘liq muammolarga duch kelardik. Endi bunday muammolar qonun yo‘li bilan bartaraf etildi va tadbirkor manfaati mustahkamlandi.
Konferensiya-seminarda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziyev so‘zga chiqdi.