Xususiy bandlik agentliklari qanday faoliyat yuritadi?
2018 yilda O‘zbekiston Respublikasining «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilingan hamda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida»gi iizomi tasdiqlangan. Ushbu hujjatlar orqali fuqarolarni xorijga ishga jalb qilish vakolati xususiy sektorga ham berilib, sohadagi mavjud monopoliyaga barham berilgan.
Mehnat migratsiyasi sohasidagi monopoliyaning bekor bo‘lishi o‘zini oqladimi?
Ammo, sohani rivojlantirish maqsadida yaratilgan bu tizim o‘zini unchalik oqlamadi. Xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar va xususiy bandlik agentliklari bilan bog‘liq muammolar ko‘paydi. Afsuski, ularning aksariyati firibgarlik qurboniga aylandi.
bugungi kunda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining xususiy bandlik agentliklari reyestridan 106 ta yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 78 tasiga xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berilgan.
O‘tgan davr mobaynida 66 ta xususiy bandlik agentligining litsenziyasi bekor qilingan. Hozirgi vaqtda litsenziyaga ega 12 ta xususiy bandlik agentligidan 4 tasi faoliyat yuritmoqda (8 ta xususiy bandlik agentligining litsenziyasi amal qilish muddati Iqtisodiy sudlar tomonidan vaqtincha to‘xtatilgan).
Shu bilan birga, 2019-2020 yillarda xususiy bandlik agentliklarining sa’y-harakati natijasida 3 ming 300 ga yaqin fuqaro Rossiya, Turkiya, Litva, Latviya, Polsha, Bolgariya, BAA, Saudiya Arabistoni, Belarus, Xorvatiya, Yaponiya, Estoniya, Qozog‘iston, Ukraina, Isroil, Germaniya, Gretsiya, Qatar kabi davlatlarga qonuniy tarzda ishga joylashtirildi. Biroq, ular tomonidan litsenziya talablari va shartlarini buzish holatlari uchramoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 11 ta xususiy bandlik agentligi tomonidan fuqarolarga 71,8 mlrd. so‘m miqdorida zarar yetkazilgan va 11 ta xususiy bandlik agentligiga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan.
Xususiy bandlik agentliklari faoliyati bilan bog‘liq firibgarliklarning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, kelgusida xususiy bandlik agentliklari vakillari tomonidan sodir etilayotgan jinoiy harakatlarning oldini olish maqsadida 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasining «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonuni (https://lex.uz/docs/4948398) qabul qilindi.
Xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilayotgan fuqarolar nimalarni bilishi kerak?
Yangi tahrirda qabul qilingan qonunga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklari endilikda quyidagi talablar asosida faoliyat yuritadi:
1. O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun xususiy bandlik agentliklari zaxira qilinadigan summa sarflangan taqdirda mablag‘larning o‘rnini to‘ldirish, shuningdek litsenziya tugatilgan yoki bekor qilingan taqdirda mablag‘larni qaytarish shartlari bilan bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz ming besh yuz baravari miqdoridagi mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasida zaxira qilib qo‘yadi.
2. O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslardan xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar uchun haq olish taqiqlandi. Bu xizmatlar uchun haq xorijiy ish beruvchi tomonidan to‘lab beriladi.
3. Shuningdek, litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklarining xorijiy hamkorlari va ish beruvchi tashkilotlar bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan bo‘lishi kerak.
4. Har bir xizmat ko‘rsatish shartnomasini xususiy bandlik agentliklari “labor-migration” axborot tizimida real vaqt tartibida ro‘yxatdan o‘tkazilishi talab etiladi.
5. Bundan tashqari, fuqarolarni ishga joylashtirish sohasida ko‘rsatiladigan axborot va maslahat xizmatlarining qiymati bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan (2021 yil 1 sentyabrdan bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 270 ming so‘m) oshmasligi belgilab qo‘yildi.
Qonun ishlashi uchun nima qilish kerak?
Xususiy bandlik agentliklari faoliyati bilan bog‘liq qonunchilikdagi ushbu o‘zgarishlar xorijda ishlash istagidagi fuqarolar o‘rtasida aldanish holatlarini kamaytiradi, fuqarolarni chet mamlakatlarga ishga jalb qilish jarayonlari ochiqligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joiz, xorijda ishlashni rejalashtirayotgan yurtdoshlarimizning xususiy bandlik agentliklari va o‘zlarining huquq va majburiyatlarini bilishi bu borada muhim ahamiyatga ega.
Ortiqxo‘ja Norov.
O‘zA