Xotiralarda davom etayotgan umr
Davlat va jamoat arbobi Qallibek Kamalovning portretiga tikilar ekansiz, beixtiyor bir savol tug‘iladi: insondan umr o‘tib ketgach, nima qoladi?
Javobni uning hayot yo‘lidan izlash mumkin.
Qallibek Kamalov 1926-yil 18-martda Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida tug‘ildi. O‘rta maktab va harbiy xizmatdan so‘ng 1955-yilda Nukus davlat universitetini tamomladi. Mehnat faoliyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlar qo‘mitasi kotibi lavozimidan boshladi. Keyin Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Nukus shahar ijroiya qo‘mitasi raisi, kommunal xo‘jaligi vaziri, yo‘l transporti va avtomobil yo‘llari vaziri, partiya qo‘mitasi kotibi kabi mas’ul vazifalarda ishladi.
Lavozimlar ko‘p. Ammo insonning qiyofasi lavozimlar soni bilan emas, ular zimmasiga yuklangan mas’uliyatda namoyon bo‘ladi.


1959-1963-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, 1963-1984-yillarda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, Respublika yetakchisi sifatida faoliyat yuritgan Qallibek Kamalovning rahbarlik yillari hududning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq. Murakkab iqlim sharoitida paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik, sanoat va ishlab chiqarishni rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan ishlar uning bevosita rahbarligi davrida amalga oshirildi.
Biroq Qallibek Kamalovni faqat rahbarlik minbarida tasavvur qilish ham to‘g‘ri emas. Uning hayotidagi yana bir sahifa – diplomatiya. 1984-1986-yillarda u diplomatik sohada faoliyat yuritdi. Keyingi yillarda esa nuroniylar safida qolib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida keksalar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlarida ishtirok etdi.

Shu bois uning hayot yo‘lini bir chiziqqa sig‘dirib bo‘lmaydi. Rahbarlikdan diplomatiyaga, diplomatiyadan jamoatchilik xizmatiga tutashgan bu yo‘lning bir o‘zgarmas nuqtasi bor edi: xalqqa xizmat qilish.
Davlat ham bu xizmatni munosib baholadi. Qallibek Kamalov “Shuhrat” medali va “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan. 2026-yil 11-fevral kuni u 100 yoshida vafot etdi.
Ammo ayrim insonlarning umri vafoti bilan tugamaydi. Ularning ikkinchi umri – xotiralardagi hayoti boshlanadi.


Shu ma’noda, 2026-yil 16-martda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Atoqli davlat va jamoat arbobi Qallibek Kamalov tavalludining 100 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori oddiy yubiley sanasini belgilab qo‘yishdan ko‘ra kengroq ma’no kasb etadi. Unda Qallibek Kamalov xotirasini abadiylashtirish, “Uch avlod uchrashuvi”, ilmiy-amaliy konferensiya, hujjatli film, kitob-albom, xotira tadbirlari, davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etish kabi vazifalar belgilangan.
Qaror ijrosining ma’naviy mohiyati esa birgina hudud bilan chegaralanmaydi.
Jizzax politexnika institutida bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv buning hayotiy ifodasi bo‘ldi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyat bo‘limi rahbari Iqboloy Umarova tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Qallibek Kamalovning hayot yo‘li yoshlar nigohida qayta kashf etildi.

Bu yerda gap faqat o‘tgan asrda yashagan davlat arbobi haqida emasdi. Gap bugungi talaba qalbiga “Xalqqa xizmat qilish degani nima?” degan savolni qo‘ya bilish haqida edi.
Jizzax politexnika institutining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Sanobar Eshbekova ishtirokchilar e’tiborini ana shu jihatga qaratdi: tarixiy shaxs hayotini sanalar va lavozimlar ketma-ketligi sifatida emas, mas’uliyat va Vatan oldidagi burch maktabi sifatida anglash yoshlar uchun muhim.
Uchrashuvda O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Jizzax viloyat bo‘limi raisi Norqul Nusharov boshchiligidagi vakillarning ishtirok etgani esa tadbirga yana bir ma’no qo‘shdi. Nuroniylar va yoshlarning bir davrada jam bo‘lishi – kecha bilan ertaning, hayotiy tajriba bilan yangi orzularning uchrashuvi edi.

Ana shunda Qallibek Kamalovning bir asrlik hayotining yana bir muhim qirrasi ko‘rinadi: inson o‘zidan keyin nafaqat xotira, balki davom etuvchi ma’naviy ta’sir ham qoldiradi.
Bir davrada nuroniylar, ustozlar va yoshlar inson umrining mazmuni haqida suhbatlashdilar.

Qallibek Kamalov 100 yil yashadi. Ammo uning umrini yuz yil bilan o‘lchash kamlik qiladi. Chunki umrning haqiqiy o‘lchovi taqvimdagi yillar emas, el-yurt xotirasida qolgan izning uzunligidir.
Bugun uning portretiga yana bir bor nazar tashlar ekansiz, ko‘krakdagi mukofotlardan ko‘ra nigohdagi sukut ko‘proq narsa aytayotgandek tuyuladi. U sukutda bir asr bor. Bir asr ortida esa xalq xizmatiga bag‘ishlangan taqdir.
Qallibek Kamalov haqidagi suhbatlar o‘tmish xotirasigina emas, bugungi va ertangi avlodlar uchun saboqdir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri