Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlandi
“Turkiston” saroyida 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan bayram dasturiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy-ijodiy guruhning ilk yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov raisligida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda bu yilgi dasturning ssenariysini ishlab chiqish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonda yangi qo‘shiqlar tayyorlash, badiiy-kompozitsion chiqishlarni sahnalashtirish va tashkiliy masalalar bo‘yicha ishchi guruh taqsimotini yo‘lga qo‘yish muhim.
Shuningdek, yig‘ilishda tadbir dasturini tuzishda shoirlarning tadbir mohiyatiga mos she’rlari, televideniye hamda kinofond arxividagi noyob badiiy va hujjatli filmlardan samarali foydalangan holda urush davridagi xalqimiz matonatini aks ettirish kabi jihatlarga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda tadbirga oid ma’lumotlarni tezkor ravishda shakllantirib olish uchun harakatlar rejasi belgilab olindi.
N.Usmonova, O‘zA