Xotira bor ekan – millat barhayot
Xalqimizning nuroniy otaxonu onaxonlari doimo yurtimizda tinchlik va xotirjamlik bo‘lishini tilab duoga qilishadi. Zero, tinchlik hukmron bo‘lgan joyda barqaror rivojlanish, fayzu baraka bo‘ladi.
Urush o‘zi nomi bilan urush. bugungi avlod tinchlik zamonida yashab, uning qadriga yetishi lozim. Ikkinchi jahon urushi millionlab insonlarning yostig‘ini quritdi, minglab shahar va qishloqlar vayronaga aylandi. Eng achinarlisi, jangohlarda kimdir otasini, kimdir onasini, opa-singlisi, aka-ukasini, yaqin kishilarini yo‘qotdi. Xalqimizning Ikkinchi jahon urushi davrida ko‘rsatgan jasorati va sadoqati, front ortidagi zahmatli mehnatini madh etish yosh avlodda ajdodlar bilan faxrlanish va vatanparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otadi.
9 may – “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan Navoiy kon-metallurgiya kombinati Ma’naviyat va ma’rifat markazi NKMK yoshlar yetakchilari kengashi bilan hamkorlikda “Xotira bor ekan – millat barhayot” mavzusida o‘tkazayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham xuddi shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yaqinda kombinat yoshlari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari karmanalik Pirnazar ota Turdiyev va navbahorlik Bafo bobo Bahronov xonadonlariga tashrif buyurdi.
Buguni kunda pir-badavlat bo‘lib umrguzaronlik qilayotgan otaxonlar urush va undan keyingi suronli yillar, o‘sha davrlarda xalqimiz boshidan kechirgan turli sinovu qiyinchiliklar haqida so‘z ochib, yosh avlodni bugungi tinch hamda osoyishta hayotimizning qadriga yetish, shukronalik bilan yashashga undovchi xotiralari bilan o‘rtoqlashdilar.
O‘zA