Xotin-qizlar va yoshlar kasb-hunarga o‘qitilmoqda
Andijonda xotin-qizlar va yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning bandligini, doimiy daromad manbaini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “Aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini mustahkamlash” loyihasi shu yo‘nalishdagi ishlardan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda “Sabr” respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi tomonidan Jahon bankining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilgan loyiha doirasida joriy yilning birinchi yarmida Andijon viloyatida o‘quv kurslari tashkil etildi. Unda tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan 426 nafar xotin-qiz va yoshlar 35 soatlik maxsus trening mashg‘ulotlarida tahsil olib, tadbirkorlik, biznesni tashkil etish, samarali ish yuritish bo‘yicha bilimlarini boyitdi.
Bugungi kunga kelib, o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan 117 nafar xotin-qiz o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi. Ulardan 35 nafariga tuman, shahar oila va xotin-qizlar bo‘limlari ko‘magida subsidiyalar ajratilib, turli jihozlarlar bilan ta’minlandi.
[gallery-18361]
– Bundan tashqari, shu yil mart oyidan viloyatda “Sabr” respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi tomonidan Davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida viloyat bo‘limlari hamkorligida 7 ta yo‘nalish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi, – deydi “Sabr” markazi Andijon viloyat bo‘limi rahbari Nargiza Mirzalimova. – Joriy yilning 1-yarmida ikki bosqichda o‘tkazilgan o‘quv kurslarida 168 nafar xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitildi.
Shuningdek, Andijon shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi bilan hamkorlikda Andijon shahar, Andijon, Asaka, Paxtaobod tumanlarida yashovchi ishsiz xotin-qizlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda ishsiz, kasb-hunar o‘rganish istagidagi opa-singillarimiz tikuvchilik, qandolatchilik, sartaroshlik, kashtachilik, kompyuter savodxonligi singari kasb-hunarlarni o‘rganish uchun markazga jalb etildi.
O‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan xotin-qizlarning aksariyati o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi.
– O‘quv kursida tahsil olib, tadbirkorlik borasidagi bilim va ko‘nikmalarimni boyitdim, – deydi Andijon tumanidagi Baxt mahallasida yashovchi Samida Xolmirzayeva. – Turmush o‘rtog‘im, farzandlarim bilan ayollar liboslarini tikish bo‘yicha oilaviy korxonamizni tashkil etdim. Yangi tikuv, bichuv mashinalari xarid qildik, liboslar sotuvini yo‘lga qo‘ydik. Yil oxiriga qadar ishlab chiqarish hajmini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilib oldik.
Mazkur loyiha doirasida joriy yil oxiriga qadar Andijon viloyatida 480 nafar xotin-qiz va yoshlar yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunarga bepul o‘qitiladi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari