Xotin-qizlar salomatligi hamisha e’tiborda
Surxondaryo viloyat prokuraturasi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda vohaning olis va chekka hududlarida yashayotgan xotin-qizlarni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, salomatligini tiklashga ko‘maklashmoqda.
Jamiyatimiz gultojlari salomatligini muhofaza qilib, kasalliklarni barvaqt aniqlash, surunkali kasalligi mavjud xotin-qizlarni sog‘lomlashtirib, sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib qilinayotgan tadbirga eng malakali shifokorlar jalb qilindi.

Boysun tumanida tashkil etilgan ko‘rik tog‘li hudud markazidan 65 chaqirim uzoqdagi Xo‘jaidod mahallasidan boshlandi.

Shu kuni endokrinolog, kardiolog, ginekolog, stomatolog, onkolog, nevropatolog, dermatolog, xirurg, travmatolog, pediatr, terapevt, akusher-ginekolog kabi o‘n beshga yaqin tajribali mutaxassis uch yuzga yaqin xotin-qizni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, 152 nafarida turli kasallikni aniqladi. Ulardan uch nafariga tuman tibbiyot birlashmasida davolanib, sog‘ligini tiklashi uchun yo‘llanma berildi. Qolganlariga ambulator sharoitda davolanish tavsiya etildi.
Tibbiy ko‘rik tog‘li tumanning boshqa olis va chekka mahallalarida davom etadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri