Xotin-qizlar muvaffaqiyat sari birlashdi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Davlatobod tumani madaniyat markazida viloyat hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “Muvaffaqiyat sari birlashaylik” shiori ostida ayollar forumi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi faol 500 nafardan ziyod xotin-qiz ishtirok etdi.
Tadbirni viloyat hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Dinara Yoqubova ochib berdi.
Dastlab tadbirkor va hunarmand xotin-qizlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
[gallery-15790]
Tadbirda bir oilaning 5 nafar vakili – opa-singillar spiker sifatida ishtirok etib, muvaffaqiyat sirlari va tadbirkorlik ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashdi. “BA HOLDING” kompaniyasi bosh direktori Gulbahor Tojimirzayeva, moliya direktori Gulinur Abdullayeva, Biznes-ombudsman matbuot kotibi Guljamol Shukurova, “Wang Da Group” qo‘shma korxonasi bosh direktori Go‘zal Tojimirzayeva, Pekindagi Sinxua universiteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, xonanda Shirin Abdullayeva o‘zlari erishgan yutuqlar, bunda oila va ota-onaning o‘rni, davlat xizmati va tadbirkorlik tuzilmalarida xotin-qizlarning mavqei haqida chiqish qildi.
Chekka hududlardagi ayollar bilan yaqindan muloqot qilish, ularning savol va takliflarini tinglash, ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashish maqsadiga qaratilgan forum ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda faol ishtirok etgan ayollarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Modalar ko‘rgazmasi hamda taniqli xonandalar chiqishlari davraga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA