Xotin-qizlar muammolari doimo e’tiborda
Buxoro viloyati hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Feruza Ibragimova boshchiligida tashkil qilingan press-tur ishtirokchilari G‘ijduvon tumanida bo‘ldi.
Press-tur qatnashchilari “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar tashvish va muammolarini joyida o‘rganish va hal qilishda tizimli chora-tadbirlarni ko‘rish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va og‘ir sharoitdan olib chiqish yo‘lida bajarilayotgan ishlar bilan tanishdi.
“Pamo‘za” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Ruxshona Imona” tikuv sexiga asos solgan Elmira Qorayeva, “Bo‘lakiyon” mahallasi Chamanlar qishlog‘ida tikuvchilikni yo‘lga qo‘ygan Nurxon Jo‘rayeva, Laylaklar qishlog‘ida yashovchi Dilshoda Rajabovaning parrandachilik yo‘nalishidagi ishlari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. “Xalq banki” tuman filiali tomonidan ayni kunda shu toifadagi xotin-qizlarni moddiy qo‘llab-quvatlash masalasida qilinayotgan amaliy ishlar atroflicha o‘rganildi.
– Tumanda “Ayollar daftari” ga kiritilgan fuqarolarning 1 ming 73 nafari o‘zi tanlagan yo‘nalishda tadbirkorlik qilishi uchun bank krediti olishda yordam so‘ragan va ularning barchasiga shu yil 15 iyun holatida mikrokredit mablag‘i ajratib berilgan, – deydi G‘ijduvon tumani hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Istat Kamolova. – Bunda “Xalq banki”, “Agrobank”, “Mikrokreditbanki” tuman filiallari tomonidan ajratilgan sarmoya miqdori 12 milliard 430 million so‘mga yetadi. Albatta, bu mablag‘ joylarda aholi bandligini ta’minlash, yakka tartibda tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida imtiyozli tartibda va kam foizlarda yetkazib berilgan.
Yo‘nalishlar bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, 164 ta tikuvchilik loyihasiga umumiy qiymati 1 milliard 440 million so‘m, 32 ta ishlab chiqarish loyihasiga 698 million so‘m, 28 ta parrandachilik yo‘nalishidagi loyihaga 713 million so‘m, 4 ta qandolatpazlik va milliy shirinliklar loyihasiga 55 million so‘m, shuningdek, 566 ta ixcham issiqxona xo‘jaligini yuritishga 2 milliard 647 million so‘m, 3 ta baliqchilik yo‘nalishiga 89 million so‘m, 4 ta quyonchilik loyihasiga 189 million so‘m, 15 ta chorvachilik yo‘nalishidagi loyihaga 295 million so‘m, asalarichilikdagi bitta loyihaga 5 million so‘m, boshqa yo‘nalishlardagi jami 254 ta loyihaga 6 milliard 264 million so‘m imtiyozli kredit sarmoyasi ajratilgan.
–Parrandachilik yo‘nalishida broyler jo‘jalarni ko‘paytirish va parvarishlash uchun 33 million so‘mlik imtiyozli kredit oldim, – deydi “Bo‘lakiyon” MFY Laylaklar qishlog‘ida yashovchi Dilshoda Rajabova. –Oilamiz, qo‘ni-qo‘shni bilan 1000 ta broyler jo‘jalarni parvarishlab, bozorga olib chiqdik. Bugun mana shu kasbimiz orqali dasturxonimiz to‘kin. Orzu-havaslarimiz amalga oshmoqda.
Chamanlar qishlog‘ida yashovchi Nurxon Jo‘rayevaga “Xalq banki” tuman filiali ko‘magi bilan 11 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgani bu oilalarga juda foydali bo‘ldi. Hozirda bu fuqarolar o‘z xonadonlarida ishni risoladagidek tashkil qilib, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Bundan tashqari, hozirgacha daromadsiz va ishsiz qolgan, “Guliston” MFY da yashayotgan Elmira Qorayeva tikuv sexi faoliyatini rivojlantirish uchun tikuv uskunasini xarid qilish maqsadida 300 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘ini o‘zlashtirgani holda har turdagi ko‘rpa-yostiq va jildlarini tikib tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan. Shu sa’y-harakat tufayli bugun “Ruxshona Imona” MCHJ faoliyatini tashkil etgan Elmira yuridik shaxs sifatida 13 nafar o‘zi singari, shu paytga qadar og‘ir sharoitda qolgan ayollarning bandligini ta’minlayotgani, kunlik bajarilayotgan buyurtmalari hisobidan foyda olishga o‘tgani atrofidagilarni ham mamnun qilmoqda.
Ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan yuzma-yuz muloqotda ta’bir joiz bo‘lsa, hammasini qayta boshidan boshlab, tadbirkorlik ishini yo‘lga qo‘yayotgan ayollar o‘z hayot yo‘llari va faoliyatlari, orzu-intilishlari, maqsadlari xususida so‘zlab berdi.
Tumanda ijtimoiy muhofazaga olingan ayollar turmushini nisbatan yaxshilashda dadil qadam qo‘yildi. “Guliston” MFY ning F. Eshpo‘latov ko‘chasidagi, ko‘p yillar tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan ikki qavatli tashlandiq inshoot mahalliy byudjetdan ajratilgan 1 milliard 250 million so‘m mablag‘ evaziga qayta mukammal ta’mirdan chiqarildi. Keyingi yillarda turli oilaviy notinchlik va kelishmovchiliklar girdobida qolgan, ijarama-ijara yashab yurgan oilalardan 10 tasi norasida farzandlari bilan birga ana shu shinam turar joyga ko‘chirildi.
–2017 yildan buyon uch norasida farzandim bilan avvalgi 2-son kasb-hunar kolleji yotoqxonasida yashab keldim, – deydi Nafisa Vahobova . –Turmush o‘rtog‘im Maqsud Vaxobovning esa kirakashlik qilib topayotgan daromadiga alohida turar joy sotib olish imkoni bo‘lmaydi. Bugun quvonchim cheksiz. Davlat rahbarining tashabbusi bilan bizning oilaga ijtimoiy yotoqxonadan joy berildi.
Balog‘at yoshidanoq taqdirning beayov sinovlariga ro‘baro‘ bo‘lgan yana bir fuqaro, “Sarvari” MFY da yashovchi Mastura Ravshanovaning ham hayotini izga solish maqsadida uyda bo‘lsa ham yakka tartibda ishlab, daromad topishi uchun zamonaviy tikuv mashinasi olib berilgan. Bog‘cha yoshidagi norasida farzandi bolalar bog‘chasiga joylashtirilgan. O‘zi uyi yaqinidagi “Parvoz Xumo Ravnaq Trans” MCHJ ga ishga qo‘yilgan. Masturaga yolg‘iz farzandi bilan ijtimoiy yotoqxonadan alohida xona ajratib berilgan.
Ayni kunda mazkur ijtimoiy yotoqxonaga aksariyati boquvchisidan ajragan ayollardan iborat yana 10 ta kamxarj va boshpanasiz oilani joylashtirish maqsadida undagi inshootning yarmida mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shu yil yakuniga qadar bu oilalarni vaqtincha bo‘lsada o‘z uylariga ko‘chirib o‘tkazish tadorigi ko‘rilmoqda.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar “Zarafshon” MFY Sarayon qishlog‘ida istiqomat qilayotgan ikkinchi guruh nogironi Gulmira Ismatovaning turmush tarzi bilan tanishishdi. Ikki farzandi bo‘lgan bu oila bekasi ayni paytda oyog‘idan jiddiy jarrohlik operatsiyasini boshidan kechirgan.
— Uning turmush o‘rtog‘i Farid Xamzin ham ikkinchi guruh nogironi, ko‘zi ojiz bo‘lgan oila sohibi ham yaqinda o‘tkazilgan jarrohlik operatsiyasidan so‘ng ko‘rish qobiliyatini qisman tiklashga muvaffaq bo‘lgan, – deydi “Zarafshon” MFY raisi Azim Ashurov. — Bu oila ahvolidan kelib chiqqan holda tuman hokimligi moddiy madadi bilan o‘tgan yili 10 million so‘m, joriy yil aprel oyida 20 million so‘m ko‘mak berilgan. Qolaversa, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan muntazam oziq-ovqat mahsulotlari berib kelinmoqda. Oila bekasiningg ahvoli hozirda barqaror va hassaga tayanib harakat qiladi. U va turmush o‘rtog‘i davlat tomonidan moddiy ta’minlangan, ya’ni pensiya olmoqda. Oilaning qizi Zebiniso Shavkatovaga o‘zi shug‘ullanayotgan hunarini rivojlantirish maqsadida shu yil may oyida 20 million so‘m imtiyozli tartibda kredit mablag‘i ajratib berilgani ham ayni muddao bo‘ldi.
Press –turda qatnashgan jurnalist va mustaqil blogerlar yuqoridagi kabi har jabhada olib borilayotgan sa’y-harakat, xususan, ayollar haq-huquqlari va moddiy manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan batafsil tanishib, joylarda mutasaddilar, mahalliy hokimlik mas’ullari, mahalla raislari va boshqalardan atroflicha ma’lumot olish, o‘z axborot manbalarida yoritish imkoniga ega bo‘lishdi. E’tiborlisi esa bu kabi xayrli va ezgu maqsadga xizmat qiluvchi sa’y-harakat viloyat miqyosida izchil davom ettirilmoqda.
[gallery-3522]
Zarif Komilov,
Tohir Istatov (surat), O‘zA