Xorijlik sayyohlar oqimi ortmoqda
Andijon viloyati Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya yodgorligiga bir guruh shveysariyalik sayyohlar tashrif buyurdi.
Andijon viloyatida turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar natijasida hozirga qadar viloyatga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 70 ming nafardan, mahalliy sayyohlar soni esa 655 ming nafardan ortdi. Umuman yil yakuni bilan xorijiy turistlar sonini 90 ming nafarga, mahalliy sayyohlar tashrifini 922 ming nafarga yetkazish belgilandi.

“Mingtepa” arxeologiya yodgorligi sayyohlar tashrif buyurayotgan eng gavjum turistik yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Tarixiy manbalar hamda arxeolog olimlarning ma’lumotiga ko‘ra, “Mingtepa” qadimda yuksak darajada taraqqiy etgan Dovon (aksariyat manbalarda Davan deb keltiriladi) nomi bilan mashhur davlatning poytaxti Ershi shahrining xarobalari deb taxmin qilinadi.
Hozirda Mingtepa yodgorligi xarobasi ichki va tashqi shahar qismlaridan iborat bo‘lib, ichki qism 41,2 gektar, tashqi shahar qismi esa 320 gektardan ortiq maydonni egallagan.

Manbalarda yozilishicha, “Mingtepa” qadimda milodning V asrlarida Farg‘ona vodiysi hududida aholi zich yashagan Dovon davlatining markazi, ya’ni bosh shahri bo‘lgan. Uning tarixi haqidagi ilk ma’lumotlar Xitoy manbalarida uchraydi. “Buyuk ipak yo‘li”da joylashgan bu mahobatli shahar rivojlangan hunarmandchiligi, dehqonchiligi hamda “samoviy tulporlari” bilan mashhur bo‘lgan.
Shveysariyalik sayyohlarga “Mingtepa” yodgorligi inshootiga oid osori-atiqalar, shuningdek, tumandagi boshqa turistik manzillar haqida batafsil ma’lumot berildi. Jingirtepa, Toshtepa hududlarini tomosha qildi.

– O‘zbekiston o‘zining go‘zal va betakror qadimiy shaharlari bilan bizni lol qoldirdi, – deydi shveysariyalik sayyoh Tomas Mayer. – Ayniqsa, “Mingtepa” yodgorligi majmuasi insoniyat sivilizatsiyasining qadim maskanlaridan biri ekanligi, bir necha ming yillar o‘tgan bo‘lsada saqlanib qolganligi meni hayratga soldi.
Ta’kidlash kerakki, “Mingtepa” yodgorligi majmuasiga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni tobora ortmoqda. Hozirga qadar Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Koreya, AQSH, Yaponiya, Tayvan, Kanada kabi o‘nlab uzoq xorijiy davlatlardan sayyohlar tashrif buyurgan.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA