Xorijlik investorlar Gulistonda
Guliston shahar hokimi To‘lqinjon Dadabayev Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurgan Rossiya delegatsiya vakili Sergey Zolotaryov hamda Italiya delegatsiya a’zosi Marzio Malaventura (Marzio Malaventura) bilan uchrashdi.
Shahar hokimligida uyushtirilgan qabul marosimida shahar hokimining o‘rinbosarlari, mutasaddi tashkilotlarning rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida, xorijlik investorlarga Guliston shahrining sanoat, qurilish, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish salohiyati, mavjud imkoniyatlari, ishchi kuchi xususida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, uchrashuv chog‘ida, har tomonlarga foydali bo‘lgan shaharning mavjud sanoat zonalari borasida muzokara olib borildi.
Xususan, xorijlik investorlar tomonidan shahar hududida trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish va issiqxona yordamida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish taklifi kiritildi.
Gulistonda infrastruktura tobora rivojlanib borayotganligi va ishlab chiqarish korxonalari faoliyati ham kengayayotganligi alohida ta’kidlandi.

Shahardagi “Ulug‘obod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tashkil etilayotgan kichik sanoat zonasi haqida alohida ma’lumot berildi.
Uchrashuvdan so‘ng, Rossiya va Italiya delegatsiyasi a’zolari shahardagi “Best Fashion” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Guliston shahri hududidagi issiqxonalarda yetishtirilayotgan ekinlar samaradorligi atroflicha o‘rgandi.
Rossiya va Italiya delegatsiyasi a’zolari poytaxt – Toshkent shahriga kuzatib qo‘yildi.
A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA