Xorijiy tillarni o‘rganish osonlashdi
Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan yoshlarning chet tillarini mustaqil, oson, qulay va ortiqcha xarajatlarsiz o‘rganishiga yordam berish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan “Ibrat farzandlari” loyihasi qisqa muddat ichida minglab yoshlarni jamladi va o‘zining ijobiy natijalarini bera boshladi.
Shu munosabat bilan Qarshi shahrida joylashgan “IT city academy” markazida “Ibrat farzandlari” loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimot davomida viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i mazkur loyihaning asosiy maqsadlari hamda vazifa va yutuqlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Taqdimotda bugungi kunda minglab yoshlarga chet tillarni o‘rganishda ko‘mak berib kelayotgan “Global Education” o‘quv markazi direktori va raqamli texnologiyalarga asoslashgan “Open web academy”, “IT city academy” o‘quv markazlari rahbarlari ham ishtirok etib, “Ibrat farzandlari” loyihasi yoshlarning chet tillarini tez va oson o‘rganishida juda qulay va ahamiyatli loyiha ekanini ta’kidladi.
Tadbir davomida “Ibrat farzandlari” loyihasining ilovasidan foydalanib, til o‘rganayotgan ishtirokchilarning bilim darajalarini bilish uchun savollar berilib, to‘g‘ri javob bergan ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari ulashildi.
Ma’lumot o‘rnida, “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali ingliz, nemis, rus, turk, ispan, koreys, o‘zbek (xorijliklar uchun) jami 12 ta xorijiy tillarni o‘rganish mumkin.








O‘lmas Barotov, O‘zA