Xorijiy investor bilan uchrashuv
Karmana tumani hokimi Valijon Adizov kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Zarafshon industrial technology” MCHJ xorijiy korxonasi rahbari –xitoylik investor Zu Dong Liangni qabul qildi.
2023-yilda mazkur korxona tomonidan xitoylik hamkorlar bilan qiymati 46 million AQSH dollari bo‘lgan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirilgandi. Mazkur ishlab chiqarish majmuasi oxirgi rusumdagi asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, maxsus dasturlar asosida boshqariladi. Barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan. Ishlab chiqarilgan mahsulot to‘liq jahon standartlariga javob beradi.

Yuz foiz import o‘rnini bosuvchi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan loyihaning yillik quvvati 120 ming tonnani tashkil etib, texnologik asbob-uskunalar Xitoy davlatidan keltirilgan.
Korxonaning kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasi doirasida birinchi bosqichda sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, ikkinchi bosqichida antraxinon ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu mahsulot trikotaj mahsulotlarini bo‘yashda, shuningdek, poligrafiya va lok-bo‘yoq sanoatida ishlatiladi.
Uchrashuvda investor ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish uchun 50 gektar yer ajratilishida amaliy yordam so‘radi. Tuman rahbari ushbu masalani ijobiy hal etish uchun mas’ullarga topshiriqlar berdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri