Xorijda ta’lim olish uchun imkoniyat
Samarqand shahridagi yoshlar markazida “Xalqaro oliy ta’lim – so‘nggi qo‘ng‘iroq-2021” xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Ko‘rgazma umumta’lim maktablari bitiruvchilariga o‘zlarini qiziqtirgan kasblarni tanlash, xorijda ta’lim olish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Ta’lim marofoni” doirasida “MY FAIR” mas’uliyati cheklangan jamiyati va qator hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etildi.
Oliy ta’lim ostonasida turgan abituriyentlar va ularning ota-onalari ishtirok etgan ko‘rgazmada xorijiy davlatlarning 20 dan ortiq nufuzli oliy o‘quv yurtlari hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan chet mamlakatlar oliy ta’lim muassasalarining filiallari ta’lim dasturlari, abituriyentlar uchun yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlari haqidagi ko‘rgazmalari bilan ishtirok etishdi.
- Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti 2007 yilda faoliyat boshlagan bo‘lsa, bugungi kunda institutni bitirgan 4000 mingdan ortiq bitiruvchi nufuzli xorijiy va mahalliy tashkilotlarda faoliyat olib borishmoqda, — deydi institutning marketing bo‘limi mutaxassisi Jasurjon Salimov.
[gallery-2427]
– Institutimiz Buyuk Britaniyaning uchta – Bangor, Sanderlend va Tissayd universitetlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Shu bois, o‘qitish tizimi ham Buyuk Britaniya ta’lim dasturlari asosida tashkil etilgan. Demak, institutimizda ta’lim olish Yevropada ta’lim olish bilan teng. Ta’kidlash joizki, institutimizda mahalliy pofessor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda Singapur, Buyuk Britaniya, AQSH, Ispaniya va Filippinning nufuzli oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari jalb etilgan. Ko‘rgazma davomida bitiruvchilarga institutimizda ta’lim olish shartlari, imkoniyatlari haqida batafsil tushuncha berishga harakat qildik.
Zamon talabiga mos mutaxassis bo‘lish uchun xorijiy tajriba muhim ahamiyatga ega. Yetuk mutaxassis albatta, sohadagi ilg‘or tajribalarda xabardor bo‘lishi zarur. Bugun yoshlar uchun ta’limni ham, tajribani ham xorijda egallash imkoniyati yaratilmoqda. Faqat intilish va xohish bo‘lsa kifoya.
- Ayni paytda tibbiyot yo‘nalishida oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rayapman, deydi Samarqand shahridagi 7-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Samandar Sobirov. – Bu ko‘rgazma haqida eshitib, xorijiy ta’lim dargohlaridagi sharoit va imkoniyatlar bilan tanishish maqsadida keldim. Irkutsk davlat tibbiyot universiteti va yana bir qator oliy ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishdim. Soha bo‘yicha yetarli tushunchaga ega bo‘lgach, xorijga chiqish ancha samarali bo‘lishini tushundim. Dastlab, yurtimiz tibbiyot oliygohlarida ta’lim olishni maqsad qildim. Kelgusida tanlagan soham bo‘yicha, albatta, xorijda ta’lim olib, tajriba to‘playman. Maqsadim kelajakda malakali shifokor bo‘lib yetishib, Samarqand tibbiyoti rivojiga o‘zimning munosib hissamni qo‘shishni maqsad qilganman.
Ko‘rgazma davomida xorijda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlarga chet elda o‘qish shartlari, til va tayyorlov kurslari bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA