Xorijda ishlashning tartibli tizimi samarasi (+video)
Bugun dunyo mehnat bozorida malakali, madaniyatli, kasb-hunar egasi bo‘lgan, xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan kadrlarga bo‘lgan talab har qachongidanda yuqori. Ularning bilimi va egallagan hunarlariga yarasha katta maosh ham taklif etilmoqda.
2020 yil 11 avgustda Davlatimiz rahbarining “Kambag‘al va ishsiz fukarolarni kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilinishi bilan yurtimizda tartibli mehnat migratsiyasini tashkil etish borasida katta qadam qo‘yildi.
Gap xalqimiz manfaatlari haqida borar ekan, davlat tomonidan bu borada yaxlit tizim yaratishga katta e’tibor qaratildi, yetarlicha moliyaviy resurslar ajratildi. Respublikamizning barcha tuman va shahar markazlarida “Ishga marhamat” monomarkazlari barpo etildi va ular zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Ishsiz fuqarolarni kasbga tayyorlashda subsidiya to‘lash, ish haqi bilan ta’minlash tizimi joriy qilindi, yotoqxona ajratildi, hullas, bu dargohga qadam qo‘ygan inson davlatning g‘amxo‘rligini yaqindan his qildi.
Intervyu:
Bugungi kunda respublikamizda 30 dan ortiq monomarkazlarda fuqarolarimizga 70 dan ortiq kasb-hunar sirlari o‘rgatilmoqda. Birgina Toshkentdagi monomarkazlarda 40 dan ortiq, xalq xo‘jaligida dolzarb bo‘lgan kasblar taklif etilyapti. Muhimi bunday markazlarda malaka egallagan fuqarolarimizga xalqaro tan olingan sertifikatlar berilib, davlatlararo tuzilgan shartnomalar asosida 86 mamlakatda egallagan kasbi bo‘yicha ishlash huquqi yaratib berildi.
Intervyu:
Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida, aynan ish beruvchi kompaniya vakillarining kelib, faoliyati bilan tanishishlari va shular asnosida ish kuchiga buyurtma berishlari, hullas tartibli mehnat migratsiyasini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu yerni tamomlagan yuzlab tinglovchilar xorijiy davlatlarga borib, yuqori maoshli ishlarda faoliyat yuritib kelmoqda. Aytish kerakki, bu dargohdan ish beruvchilarning keti uzilmaydi. Biz borgan kuni dastlab, Janubiy Koreya, so‘ngra Yaponiya davlatidan nufuzli kompaniya vakillari kelib, monomarkaz faoliyati bilan tanishishayotgan ekan.
- Men qurilish kompaniyasi vakiliman, - deydi TSG kompaniyasining chet ellik ishchilarni qabul qilish bo‘limi boshlig‘i Akio Suiyoshi. -O‘zbekistonga ilk bor kelishim. Yurtingiz va biz tanishgan monomarkaz faoliyati menda katta ta’surot qoldirdi. Sharoitlari yaxshi, dars berishlari bizga ma’qul bo‘ldi. Yapon tilini biladigan tinglovchilar ham bor ekan. Biz ko‘plab davlatlarda bo‘ldik, biroq yapon tilini o‘zlashtirgan ishchilar kam bo‘lgan. O‘zbekistonlik tinglovchilarda yapon tiliga qiziqish juda baland. Yana bir e’tiborli tomoni xalqlarimizning mentaliteti bir biriga juda mos. Xabaringiz bor, Yaponiyada bugun ishchi kuchiga talab juda yuqori.
Bir so‘z bilan aytganda hunar egallagan, xorijiy tillarda erkin so‘zlasha oladigan inson borki jamiyatimizda tezda o‘z o‘rnini topyapti. Buning uchun esa davlatimiz tomonidan barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/4wey7i5MGr0" title="Xorijda ishlashning tartibli tizimi samarasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov,
Nishonboy Abduvoyitov
O‘zA