Xorazmda “Yutuqli chek” g‘olibi aniqlandi
Yutuqli chek o‘yini orqali fuqarolarni xarid chekini talab qilishga rag‘batlantirish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida shaffoflikni ta’minlash hamda halol raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Xiva shahridagi “Arda Xiva” majmuasida “Chekni talab qiling — avtomobil yuting!” yutuqli chek o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari hamda fuqarolar faol ishtirok etdi.
Xabaringiz bor, endilikda Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston respublikasi hududida har bir fuqaro savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasidan xarid qilganida chekni talab qilib, uni "Soliq" mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazsa, avtomatik tarzda oylik yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi.
Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tgan ana shunday yutuqli o‘yinning ilk sonida 185 ming 956 nafar ishtirokchi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 1 million 913 ming 733 ta chek ishtirok etdi.
To‘liq avtomatlashgan “Rondom” tizimi xonqalik Qodirberdi Yusupovning 480 ming so‘mlik xarid chekiga bosh sovrin – avtomobil yutug‘ini aniqladi.
– "Soliq" mobil ilovasi orqali “Keshbek” yig‘ish maqsadida har doim xarid cheklarini talab qilib olib, ro‘yxatdan o‘tkazib boraman, – deydi Qodirberdi Yusupov. – Shu iyul oyida Urganch shahridagi xususiy klinikaning tibbiy xizmatidan foydalanib, to‘lovni amalga oshirdim va menga xarid chekini berishdi. Men uni ham ilova orqali ro‘yxatdan o‘tkazdim. Ana shu xarid chekimga yutuq chiqdi. Eldoshlarimizga har doim xarid cheklarini talab qilishlarini va yutuq sohibi bo‘lishlarini tavsiya qilaman. Bu orqali mamlakatimizda noqonuniy tovar aylanmasining oldini olamiz va “yashirin iqtisodiyot”ga chek qo‘yamiz. O‘yin tashkilotchilariga minnatdorligimni bildiraman.
[gallery-30818]
Tadbir davomida eng faol ishtirokchilar ham rag‘batlantirildi. Jumladan, eng ko‘p chek ro‘yxatdan o‘tkazgan tadbirkor, yosh fuqaro hamda fuqaro qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat)